Alvido
O’zbek kinoijodkorlari tinim bilmay mehnat qilishmoqda. Ekranlarga ketma-ket yangi-yangi badiiy filmlar chiqmoqdaki, kino sohasidagi samaradorlikdan darak beryapti. Ozmi-ko’pmi, albatta, har bir film o’z tomoshabinini topadi. Jumladan “Alvido” kinokartinasi ham o’z tomoshabinini topdi. Aslida film “Alvido, sevgim…” deb nomlangan edi, ammo kinoijodkorlarning so’nggi daqiqalardagi qarori filmni “Alvido” deb nomlanishiga sabab bo’ldi.
“Davr-sulton” studiyasining navbatdagi mahsuloti bo’lmish “Alvido” filmining rejissori yosh, umidli ijodkorlardan biri Yolqin To’ychievdir. Filmning scenariysi ham shu kishining qalamiga mansub. Yolqin To’ychievni biz debyut asari “Orzu ortida” kartinasi orqali ham taniymiz.
“Alvido” filmiga Qudratulla Fayzullaev hamda Najmiddin Sharipovlar prodyuserlik qilishgan. Rassom boshqa filmlar orqali ham bizga tanish Akmal Taskinovdir. “Alvido”da bizga yaxshi ma’lum san’atkorlar Nigora Karimboeva, To’xtamurod Azizov, Barno Qodirova, Gulchehra Ibrohimbekova, Fatxulla Mas’udov, Zafar Asqarovlar turli xarakterdagi obrazlarni talqin qilishgan.
“Alvido” badiiy filmida bosh rollarni yosh xonanda Jo’rabek hamda xonanda va telejurnalist Iroda Nosirova (uni “Davr” informatsion dasturi orqali tanirdingiz)lar talqin etishgan. Iroda uchun kameralar yog’dusi yangilik emas. U bundan avval ham o’zini aktrisa sifatida “Ayol zoti” ko’p qismli videofilmida sinab ko’rgan. “Bu obraz menga ancha yaqin. Ijroim tomoshabinlarga yoqqan deb o’ylayman”, deydi Iroda “Alvido”dagi qahramoni to’g’risida. Jo’rabekning taasurotlari qanday? “Shunday obraz bo’lsaki, film voqealari davomida o’zgarib borsa. Yaxshi bo’lsa-yu, yomon tomonga o’zgarsa. Yoki aksincha. Men shunday obraz yaratganimdan xursandman”, deydi u.
KOMILA tayyorladi.