2004 yilning 25 mayida Alisher Navoiy nomli san’at saroyida “Sarvinoz” badiiy filmining premerasi bo’lib o’tgandi. Kartinada bosh rollarni Ulug’bek Qodirov va o’zbek estradasining yosh yulduzlaridan biri Shahzoda ijro etgandi. Film ko’pgina yoshlarga manzur keldi. Ijodkorlar esa “Sarvinoz”ning davomini ishlashga qaror qilishdi.
2005 yilning 15 martida “Baxt uchun million” filmiga bag’ishlangan matbuot anjumani bo’lib o’tdi. Filmning premerasi esa shu yilning 23 martida bo’ldi. “Baxt uchun million”ni ma’lum ma’noda “Sarvinoz”ning davomi ham deyish mumkin. Ammo “Baxt uchun million” filmidagi asosiy ma’noni “Sarvinoz”ni ko’rmay turib ham tushunib olish qiyinmas. Ya’ni tomoshabin bu filmni alohida tugallangan film sifatida qabul qiladi.
“Baxt uchun million” filmi scenariysining mualliflari Bahrom Yoqubov hamda Ulug’bek Zufarovlardir. Postanovkachi rejissor Bahrom Yoqubov. Postanovkachi operator Tal’at Mansurov. Muxarrir Mirtohir Mirg’ulomov. Prodyuser Azamat Irgashevning ushbu kartinasida hayotning past-baland yo’llari, mashaqqat-zahmatlari, mol-davlat, pul uchun vijdonini sotib yuborishdan ham toymaydigan insonlar, qahramonlarning hayotdan o’z o’rnini topishga intilishi va shubhasiz, eng pokiza, eng ulug’ tuyg’u muhabbat haqida hikoya qilinadi.
Buni qarangki, “Sarvinoz”da Sarvinoz rolini Shahzoda ijro etgandi, “Baxt uchun million”da esa, bu rol umidli xonandi Sevinch Mo’minovaga nasib etdi. Shuningdek, filmda san’at olamining bizga yaxshi tanish vakillari, jumladan, Gavhar Zokirova, Erkin Komilov, Saida Rametova, Ubaydulla Baqoev, Saidkomil Umarov, Mirza Azizov, Fotih Jalolov, Nigora Karimboeva, Burxon Sharopov kabi aktyorlar turfa rollarni ijro etishgan. Aida Davletova esa ilk marta kinoda suratga tushgan.
Filmning mazmuniga uyg’un ravishda kinoasar uchun maxsus ikkita qo’shiq yaratilgan. “Tango” va “Hayot” deb nomlangan qo’shiqlarni xonanda Sevinch Mo’minovaning o’zi kuylagan.
Bosh qahramonlar haqida qisqacha ma’lumot:
Sevinch Mo`minova 1982 yil 30 iyunda tug’ilgan. “Baxt uchun million” filmidan avval ham kinoda suratga tushgan. “Dilxiroj” kartinasida Alisher Hamroev bilan ajoyib juftlikni talqin qilgan.
“Baxt uchun million”da bosh rolni talqin etgan yosh aktyor Ulug’bek Qodirov 1983 yil 3 avgustda tavallud topgan. Bu kartinaga qadar “Akademiya”, “Sarvinoz”, “Shayton bilan o’ynashma” filmlarida ham bosh rollarni ijro etgan.
Filmda Sarvinozning raqibasi rolini ijro etgan Aida 1979 yil tug`ilgan. Iste’dodli teleboshlovchi Burxon Sharopov “Baxt uchun million”da Sarvinozning prodyuseri Murod aka rolini talqin qilgan.
Filmning asosiy syujeti yoshlar muhabbatini hikoya qilishga qaratilgan. Ammo didi nozik tomoshabin kartinadagi boshqa ma’no qirralarini ham ilg’ab oladi. Albatta, “Baxt uchun million”ni zo’r kinoasar deb aytolmaymiz, hech nima kamchiliksiz bo’lmaydi. Kartinaning saviyasi, ommabopligiga faqat tomoshabin baho beradi. Biz esa mazkur film turli yoshdagi muxlislarga yoqishiga umid qilamiz.
Darvoqe, “Baxt uchun million” filmi haqida qo’shimcha ma’lumotlarga ega bo’lishni istovchilar filmning maxsus saytiga tashrif buyurishlari mumkin: www.sarvinoz.boom.ru. Fikr va mulohazalaringizni esa sarvinoz-kino@mail.ru electron manziliga yo’llashingiz mumkin.
KOMILA tayyorladi.