“FIRDAVS-N” guruhi
Uning bolalardek shirin chehrasi, muloyim tabassumi barchani bir zumda o’ziga rom eta oldi. Har safar yangi qo`shiq yaratar ekan, qandaydir yangicha uslublar, navolar izlab topishga intiladi.
Qizlarning atrofida parvona bo`lib, yuraklarga cho`g solgan, malikalar uchun shahzoda bo`lib yulduz to`la kechalarda uxlamasdan chiqqan, muhabbat saroyidan malikasini izlab, tuyg`ularini qafasda saqlagan estradamizning yorqin yulduzi, xushovoz xonanda deyarli yetti yildan buyon muxlislar diqqat e’tiboridan tushmay kelayotgan “FIRDAVS-N” guruhi yakkaxoni Firdavs Pazlitdinov haqida quyida to’liq ma’lumot olishingiz mumkin.
Firdavs 1980 yil 9 avgust kuni tavallud topgan. Asad burji ostida dunyoga kelgan xonanda bo`sh vaqtlarini asosan do`stlari, oilasi davrasida o`tkazishni yaxshi ko`radi. Firdavs ilk bilimini tarix faniga ixtisoslashtirilgan 9-maktabda oldi. Shundan so`ng Inter-xaus kollejida 2 yil, Iqtisodiyot universitetida 4 yil taxsil oldi.
“Firdavs-N” guruhi 1996 yil tashkil topgan. Ilk faoliyatini rep yo`nalishida boshlagan guruhda o’sha kezlari 5 inson faoliyat yuritar edi. “Firdavs-N” guruhining birinchi taronasi “Pari-pari” deb nomlangan. Bir qancha taronalar yaratib muxlislarga taqdim etgan bu guruh ayrim sabablarga ko`ra o`z faoliyatlarini to`xtatdi.
1999 yil esa yangicha yo`nalish, yangi ijrochilar bilan guruh yana tiklandi. Barchaga manzur bo`lgan “Parvona” qo`shig`ini aytib sahnaga qaytgan Firdavs, Aida va Jahongirlar keyinchalik “Layli qalbiman”, “Daryo”, “Ado”, “Sen”, “Balle”, “Sarvinoz” taronalarini ijro etishdi. San’at ixlosmanlarining sevimli ijrochisiga aylangan Firdavs-N guruhi aynan milliylikka yo`g`irilgan “Parvona” taronasi bilan elga tanildi.
1999 yil “Sezam” radiosi tashkil etgan musiqiy dasturda “Yosh ijrochilar” nominatsiyasi bilan g`olib bo`lishdi.
Bir qancha vaqt o`tgandan so`ng Jahongir Konservatoriyaga o`qishga kirganligi munosabati bilan guruhni tark etdi. Aida esa yakkaxon xonanda bo`lib kuylashni istadi. Guruh yana parchalangan bo`lsada, lekin o`zining san’atga bo`lgan cheksiz mehri tufayli guruhni tark etmagan Firdavs bor kuch-g`ayratini, shijoat va iste’dodini ishga solib muxlislar qalbiga sharqona ohanglarga yo`g`irilgan qo`shiqlarini taqdim eta boshladi. “Men o`zbek farzandiman” taronasi uning ilk yakkaxon qo`shig`idir.
Bundan tashqari guruh qoshida shou-balet raqs dastasi tashkil etildi. Bunda 15 ta qiz Firdavsning onalari Noila opadan raqs sirlarini o`rganardilar.
2001 yil ilk bora Turkiston saroyida konsert dasturini berdi.
Firdavs Botir Zokirov ijodini qadrlaydi. Jahli juda tez chiqadi. Lekin urush janjalni yomon ko`radi. Hozirda ijodida eron, tojik, fors tillarida ijro etilgan taronalar mavjud.
Hayotda va ijodda xonandaning tayanchi, maslahatchisi va ustozi bu - onasi Noila Pazlitdinovadir.
2002 yil Turkiyaga gastrol safariga borib Oqsaroyda konsert dasturini xavola etib kelgan xonanda u yerdan “O`zbek Tarkani” degan nom olib qaytdi.
Gastrol safarlari: O`zbekistonning barcha viloyatlari, Turkiya, Xitoy.
Hozirgi kunda 40 ga yaqin taronalari mavjud. “Baby ti moya malishka” (rep yo`nalishida), “Parvona”, “Malyubiya”, “Hayot” deb nomlangan albomlari dunyo yuzini ko’rgan.
2004 yil 28 fevralda bo’ydoqlar safidan chiqarildi.
19 noyabrda esa otalik baxti nasib etdi.
Kliplar soni: “Daryo”, “Navro`z”, “Layli qalbiman”, “Yod kardam”, “Malikam”, “Layli”, “Azizam”, “Malyubiya”, “Duxtari-pari”, “Toshkent”, “Onajon”.
Qiziqarli ma’lumot: 2000 yil 21 oktyabr kuni “Paxtakor” stadionida estrada yulduzlari bilan birgalikda ilk bora 9 raqam ostida futbol o`ynagan (Otabek Madrahimov, Ravshan Sobirov, Xusan Sodiqov va boshqalar).