Jonim, seni...
Mazkur kinokartina ham juda ko'plab tomoshabinlar diqqatiga sazovor bo'ldi. Nomi hindcha melodramalarnikiga biroz o’xshab ketadigan bu kartina o’zbek kinoijodkorlarining mehnat mahsulidir. Umid qilamizki, film kinoixlosmandlarga ma’qul keladi.
“Jonim, seni…” filmi scenariysini Burhon Sharopov hamda Nigora Usmonova hamkorlikda yozishgan. Postanovkachi rejissor ham Burhon Sharopovning o’zi. Postanovkachi operator esa Tal’at Mansurov. Film “Navo-media” studiyasida yaratilgan.
“Jonim, seni…” filmida Sharof Muqimov, Gulchehra Eshonqulova, Bobur Yo’ldoshev, Sanjar Shodiev, Durdona Mo’minova, Ziyoda Abduraupova, Jamila G’ofurovalar suratga tushgan. Bizga yaxshi tanish aktyor va aktrisalardan esa Xojiakbar Nurmatov, Barno Qodirova, Elyor Nosirov, Lola Irgasheva, Uchuqun Tillaev, Dilrabo Urunovalar qatnashishgan.
“Sevgi fazosi” filmi orqali bizga yaxshi tanish bo’lgan Gulchehra Eshonqulva bu kartinada o’ziga xos rollarni egizaklarni ijro etgan. Sho’x, shadod Zahro va soddagina, kamtar qiz Layloni. Sharof Muqimov esa Layloga ko’ngil qo’yib qoladigan Jasur obrazini talqin qilgan. Bobur Yo’ldoshev-chi? O’zingiz ham sezayotgandirsiz, u egizaklarning Zahrosiga oshiq bo’lib qoladi.
Film scenariysi boshqa filmlarnikiga o’xshamasligi aniq. Egizak qizlarning ikki xil dunyosi, ularning alamu-iztiroblari, quvonchu-tashvishlari bu kartinada o’z aksini topgan. Ularning hayoti oson kechmaydi. Zero, onasi ham, otasi ham ulardan voz kechib ketgan. Egizaklar qanday kun ko’rgan? Kim ularga mehribonlik qilgan? Umuman, bir mehribon topilganmi-yo’qmi? Bu savollarga faqatgina filmni tomosha qilgach, javob topishingiz mumkin.
“Jonim, seni…” o’zining muhabbati, qiziq syujeti bilan sizlarni kutmoqda.