Oypopuk Eshonxonova

—Oypopuk opa, ijodingizdagi eng so‘nggi yangiliklar haqida to‘xtalsangiz…
—Ijodim haqida gapiradigan bo’lsam, bu mening “Armon” nomli qo’shig’imga hamda rus tilida kuylangan “Bez tebya” qo’shig’imga klip ishlanmoqda. Yana bir qo’shig’imga, nomini hozircha sir tutayapman, klip ishlash mo’ljalda bor. Klip zamonaviy tarzda, o’zgacha bir talqinda suratga olinadi.
—Rus tilidan boshqa yana qanday tillarda qo’shiq kuylagansiz?
—Olti – yetti xil. Bular turk, eron, tojik, uyg’ur, arab va boshqa tillarda qo‘shiq kuyladim.
—Nima uchun yana Oypopuk nomi ostida ijod qilyapsiz?
—Mendan muhlislarim astoydil xafa bo’lishdi, hatto qo’l telefonimga ham qo’ng’iroq qilib e’tirozlar bildirishdi. Shuning uchun ham yana Oyxon emas, ilgarigidek Oypopuk nomi ostida ijod qilishga o’tdim.
—Mana hozir ancha mashhursiz, o’zingiz istagan mavqega erishdingizmi?
—Yo’q hali! O’- ho’- o’, hali san’atda yana qancha ishlarim bor qilishim kerak bo’lgan! O’tgan yili otamlar qazo qilib qoldilar, shu hol ijodimga ham o’zimning ruhiyatimga ham qattiq ta’sir etdi, uning ustiga marakalar, keldi-ketdilar bilan band bo’lib qoldim. Shunda biroz to’xtalishlar bo‘ldi, lekin mana hozir ko’rib turganingizdek kunda studiyada yangi qo’shiqlar ustida ishlash bilan bandmiz. To’g’risini aytsam, tabiatan bir nimaga qattiq ahd qilsam, ana o’shanga etmaguncha tinchimayman, baribir erishaman. San’at maydoniga ham dadil kirib kelganman. Hali yana dunyo miqyosigacha chiqish niyatim bor, shu holga erishishga ham ko’zim yetadi.
—Siz tanlagan yo’nalishda ko’pchilik xonandalar ijod qiladilar, raqobatdan qo’rqmaysizmi?
—Hech ham qo’rqmayman. Men san’at maydoniga chiqqanimda, bu sohaning o’z bo’rilari bor edi, shuni bilib turib san’at olamiga dadil kirib kelganman.
—Tanqiddanchi?
—Tanqidlari asosli, haqiqatga salgina yaqin bo’lsa ham to’g’ri qabul qilaman. Meni tanqid qilayotgan inson nohaq bo’lsa…
—Imijingizga juda katta e’tibor berasiz, qancha vaqt oralig’ida o’zgartirib turasiz?
—Bu narsa mening shaxsiy xohishimdan kelib chiqib o’zgartirilaveradi. Neyla degan arman bir qiz bor, shu vizajistim, sochlarimni ham qanday qilib o’zgartirishga tavsiyalar beradi, imijimni istasam bir yarim oyda ham o’zgartirib turishim mumkin, eng uzoq o’zgarmay yurganim bu menimcha olti oylargacha cho’zilgani bo’lsa kerak.
—Sizningcha nima uchun ko’pgina ayol xonandalar hayotda aksar hollarda baxtsiz bo’ladi?
—Chunki ko’pgina ayol xonadalarning turmush o’rtog’i ularni hayotda tushunmaydi. Ko’pgina erkaklarga uyda o’tiradigan, sipo kiyingan ayollar yoqadi. Qaysi erkak kishiga ayolining uyda kam bo’lishi, u yoq – buyoqlarga ketishi, to‘ylarga chiqishi, o’ziga oro berib yurishi yoqadi, hech biriga yoqmaydi.
—Baxtingizni bekamu ko’st, bir butun bo’lishi uchun yana turmush qurish niyatingiz bormi?
—Bilmadim... Agar men sevgan inson xiyonat qilmasa!
—Mana farzandalaringiz, oila a’zolaringiz bor, hayotda san’atni ustun qo‘yasizmi yoki oilani?
—Albatta farzandlarimni, oila-a’zolarimni yaxshi ko‘raman, lekin baribir san’atni ko’proq ulug’layman.
—Ayol xonandalarning ko’p vaqti gastrol safarlarida, xalq xizmatida o’tadi, sizchi oilangizga, farzandlaringizga yetarlicha vaqt ajrata olyapsizmi?
—Albatta biz shunday yo’l tutishga majburmiz, kezi kelsa uydan, yaqinlaringizdan olisda bo’lishga to’g’ri kelib qoladi, busiz iloji yo’q. Tanlagan sohamiz, ishimiz shuni taqazo etadi, lekin uydagilarni ham qarovsiz qoldirib qo’ymayman, doim ularga g’amxo’r bo’lib kelganman.
—San’atdan, ijoddan qo’lingiz bo’shagan paytlarda uy bekasiga xos bo’lgan qanday fazilatni e’tirof eta olasiz?
—Bo’sh vaqtimda biror ovqat yoki salat pishirib, tayyorlab qo’yaman. Lekin uy ishlari bilan shug’ullanmayman, o’zim qilmasamda tozalikka alohida e’tibor qarataman. Uyga kelgan vaqtimda hamma yer chinnidek bo’lishini istayman, biror erda ortiqcha besaranjomlik bo’lsa asabim buzilib ketadi.
—El nazaridan, muhlislar xotirasidan o’chib ketishdan qo’rqasizmi?
—Buni bitta so’z bilan ifodalaydigan bo’lsam men uchun bu – DAHSHAT!!! Buning oldini olish uchun albatta mehnat qilaman, izlanaman, yangiliklar yaratishga tirishaman.
—Noxolis yorituvchi, kamchiliklarni bo’rttirib yozuvchi jurnalistlardan hayiqasizmi?
—Men shu narsaga hayron qolamanki, shunday jurnalistlar ham borki, ular ko’p hollarda tahallus bilan ijod qiladilar. Ularning men to’g’rimda yozgan fikrlarini o’qib ajablanib qolaman, umrimda aytmagan, gapirmagan gaplarimni yozib yuborishadi. Kechirasizu ularning o’zini ham ko’rmaganman, hatto telefonda ham gaplashmaganmiz. Men to’g’rimda , nohaq gaplarni, yo’q narsalarni yozib chiqargan jurnalistlarni surishitirib topishga harakat qilaman. Endi bu bilan hamma jurnalistlarimiz shunaqa demoqchimasman, bir-ikkita shu toifadagi jurnalistlar odamni asabiga tegadi. Iloji bo’lsa jurnalistlarga murojaat qilib shuni aytmoqchi edim, agar men to’g’rimda biror nimani yozmoqchi bo’lishsa, ma’lumot olmoqchi bo’lsalar, to’g’ridan-to’g’ri o’zimga murojaat qilsalar haqiqatga yaqinroq, maqsadga muvofiq bo’lur edi.
—Umuman hayotda nimadan qo’rqasiz?
—Xudoning qaxridan, quruq tuhmatdan qo’rqaman. Salbiy illatlarga ega bo’lgan odamlardan qo’rqaman. Shunday odamlar uchraydiki, ular oldida yirtqich hayvonlar beozor jonzot kabi ta’riflanadi. Yomon insonlarning yovuz qiliqlaridan qo’rqaman.
—Siz sayohat qilishni istagan mamlakat?
—Buni bilasizmi qachon aytaman, o’sha yerga borib kelganimdan keyin, ana o’shanda qiziq bo’ladi, shu yerga borishni istardim, mana borib keldim deb aytaman.
—Siz mutolaa qilgan so’nggi kitob?
—Sirojiddin Sayyidning “Ustimizdan o’tgan oylar”, Farida Afro’zning “Ushoq” she’riy to’plami, shuningdek rahmatli Muhammad Yusufning umumiy she’riy to’plami bor, uni hech qo’limdan qo’ymayman, doim yonimda bo’ladi. Shuning uchun uni har kuni albatta o’qiyman, foydalanaman. Iqbol Mirzoning, Zulfiya Mo’minovaning hamda Umar Hayyomning turli xil tildan tarjima qilingan kitoblari bor mana shularni o’qib ma’naviy hordiq olaman. Chunki shu to’rt qator she’rning o’zidan ulkan ma’noni kashf qilsa bo’ladi, ma’naviy ozuqa olsa bo’ladi, qolaversa insoning ongi o’sadi.
—Sevimli filmingiz?
—“Jazda faqat qizlar” - shu kinoni juda yaxshi ko‘raman, hamda komediya, ujas janridagi turli xil kinofilmlarni sevib tomosha qilaman.
—So’nggi paytda siz sevib tinglayotgan qo’shiq?
—Ko’proq jahon klassikasini uzoq vaqt tinglayman, grek qo’shiqlarini, turk xonandalarining qo’shiqlarini eshitib turaman, G’arbdan Shakiraning ijodini kuzataman, Uvitni Xyuston, Jeniffer Lopes, Britni Spirsni, o’zbek estradasidan Yulduz Usmonavaning qo’shiqlarini mazza qilib eshitaman.
—Sizga tuhfa etilgan eng qadrli sovg’a?
—Sevgan insonimdan men uchun taqdim etilgan turli zargarlik buyumlari, yigirma bir dona turfa xil gullar. Chunki yigirma bir raqami men uchun omad olib keluvchi, hosiyatli raqam.
—Qanday gullarni yoqtirasiz?
—Atirgul, Arxideya, Liliya, Xitoy Pionini juda yoqtiraman.
—Ijro uslubingizni o’zgartirish niyatingiz bormi?
—Bunga ulgurdim ham, rep yo’nalishida bir qo’shiq yaratdik, unga hozir klip ham ishlash rejada bor, nomi esa hozircha sir.
—Hayotda kimga suyanasiz?
—Faqatgina Allohga, turganimda ham, o’tirganimda ham, uyg’onganimda ham faqat Alloh o’zing madadkorimsan deyman. Dushmanlarimning yomonligidan Xudoyim o’zing asragin, shularni oldida yuzimni yorug’ qilgin, hech nimadan siqib qo’ymagin, deb, ko’p so’rayman. Ba’zi hollarda kimdandir ma’lum sababga ko’ra astoydil xafa bo’lib, Xudoga solsam, yo tavba deyman, oradan oz vaqt o’tib, o’sha odamning biror jazoga mubtalo bo’lganini guvohi bo’laman, shunda yana bir bor Yaratganning qudratiga tan berib yuboraman.
—San’at - bu betinim, qizg’in hayot, zahmatli soha, hech san’atdan kechib, osuda hayotga qaytish fikri kelganmi xayolingizga? Yoki siz aynan shunaqa hayotga, sharoitga moslashganmisiz?
—Men san’atga kirib kelishimdan oldin ham boshqa sohalarda faoliyat yuritganman, masalan tadbirkorlik sohasida ishlaganman. Shaxsiy do’konimda mudira bo’lib, keyin benzin quyish shahobchasida hisobchi bo’lib ishlaganman. Kimdir san’atga homiy tufayli kirib keladi, menda esa bunday bo’lmagan, chunki yoshligimdanoq maktab davrilarimdanoq turli xil ko’rik tanlovlarda, festivallarda qatnashib yurardim, shuning uchun bir daqiqaga bo’lsin san’atdan uzilib qolsam, o’zimni kechira olmayman deb o’ylayman. Egam qancha umr bersa, qancha ovoz bersa, umrimning oxirigacha san’atda olamida bo’laman, undan aslo chekinmayman.
—Duet aytish niyatingiz bormi, qachon va kim bilan?
—Juda ko’p erkak san’atkorlardan duet aytishga takliflar bo’lgan, Ravshan Komilov, Sobir Mo’minov, “Marjon” guruhi, Abdulaziz Karimlardan. Men ularning hammasini hurmat qilaman, biroq takliflarini rad etib kelaman. Chunki men duet aytganda u hech qaysi duetga o’xshamagan bo’lib chiqishi va tez unutilib ketmasligi, xullas chiroyli chiqishi kerak, undan keyin duetni ham biror chet el san’atkori bilan aytishni dilimga tugib, niyat qilib, rejalashtirib qo’yganman.
—San’at sotilmaydi deymizu, ammo bugungi kunda san’atni pulga chaqayotganlarining guvohi bo’lyapmiz! Sahnaga ovozi bor ham, yo’q ham chiqib kelmoqda…
—Bu juda kulguli va achinali holat, tinmay uning qo’shiqlarini radioda, televidenielarda aylantiraverganingizdan keyin baribir e’tiborga tushadi, lekin kechirasizu qurbaqa bulbul bo’lib sayray olmaydi, mana shuning farqiga borish kerak, san’at ilohiy bo’lishi kerak, tug’ma iste’dod bo‘lishi kerak..
—Deyarli barcha qo’shiqlaringizning musiqasini o’zingiz yozar ekansiz, qanday vaqtda qo’shiq yaratishga ilhomingiz jo‘sh urib ketadi?
—Hammasini demaymanu, to’qson foizini o’zim yarataman, kunduzi yaratganimni hech eslay olmayman, chunki asosan tunda keladi. Kelganda shunaqangi qaynab, kuch bilan keladiki, o;zim kutmagan holda bir emas, uch-to’rttalab musiqa yaratib tashlayman, ba’zida esa haftalab, xatto oylab ilhom kelmay qolishi mumkin.
—Qanday mavzuda qo’shiq kuylash o’zingizga ko’proq yoqadi?
—Ko’proq sevgi mavzusida qo’shiq kuylayman, chunki u hamma uchun abadiy, o’lmas, eskirmaydigan tuyg’u. Keyin Vatan to’g’risida ham kuylashni yaxshi ko’raman, barcha vatan to’g’risidagi kuylagan qo’shiqlarim besamar ketmagan.
—Ko’pchilik xonandalar homiylarga suyanib, tayanadalar, sizchi?
—Homiylar-ku aslida bo’lishi ham kerak. Ammo men deyarli hamma vaqt o’zimga suyanganman, eh mening yugur-yugurlarim, tungi soat uchlargacha repetitsiyalar qilib o’tirganlarim, bularning zahmatini, ketgan mehnatimni ta’riflab berolmayman. Bilishimcha hamma konsert qo’yishdan oldin Xalqlar Do’stligi saroyining o’zida bir, ikki kun repetisiya qilib tayyorlanib olar ekan. Menda esa bunday imkoniyat bo’lmagan, nega deganda bir kun oldin Mavluda Asalxo’jaevaning konserti bo’lgan edi, uning sahna bezaklarini olib ketishayotgan edi, o’rniga mening dekarasiyalarimni o’rnatib, sahnamni bezatishayotgan bo’lishgan. Xalqlar Do’stligi saroyining rejissori Abdurashid Rahimov yigitlarimiz musiqani jonli chalayotganini ko’rib, nima konsertingiz jonlimi deb hayratlangan, “ha” desam, qanday qilib u hali juda yosh, qolaversa jonli ijro etmoqchi ekan konsertni, nima uchun unga bir-ikki kun tayyorlanib olishga imkoniyat berilmadi, deb xitob qilgan. Xudoga shukur judayam katta ma’suliyatni bo’ynimga olib, ikki kun jonli ovozda konsert berishning uddasidan chiqa oldim.


Dilorom Abdullaeva suhbatlashdi

Bosh sahifa

Fotosuratlar

Intervyu

Tarona yangiliklari

“Yulduzlar reytingi”

Sevimli internet manzillar

Qisqa savollarga, lo'nda javoblar

Kim qachon tavallud topgan?



ХоÑтинг от uCoz