- Yangi yil kechasi, ya’ni 31 dekabr kuni sodir bo’lgan biron qiziqarli voqeani eslaysizmi?
Samandar: Bir yili yaqin bir akaxonimizning uylariga qorachadan kelgan bir do’stimni Qorbobo sifatida olib bordim. Eshikni taqillatdik, eshikni ochishga yugurib kelgan bolalar “qora Qorbobo”ni ko’rib, qo’rqib ketishdi. Bolalar hayron: qop-qora Qorbobo ham bo’lar ekan-da, deb. Haligi akaxonimizga bu hazilimiz yoqib tushdi. Haqiqiy yangi yil sovg’asi bo’ldi ularga. Shu voqea hech esimdan chiqmaydi.
Rayhon: San’atkorlar Yangi yil kechasida ko’pincha xizmatda bo’ladilar. Shuning uchun odatiy hol sifatida ishga otlandik. Kerakli barcha narsalarni olib, aytilgan joyga konsertga bordik. Manzilga yetib borgach, tayyorgarlikni boshlab, mini-diskni qidiramiz-qidiramiz, hech topilmaydi. Keyin bilsak, disklarimizni yoqotib qo’ygan ekanmiz. O’shanda yomon vaziyatga tushib qolganmiz…
- 2005 yil siz uchun qay darajada omadli yoki omadsiz keldi?
Samandar: Har bir yildan yaxshilik, omad kutaman. Bu yil men uchun omadli keldi, deb bemalol aytishim mumkin. Yaxshi-yaxshi qo’shiqlar yaratishga harakat qildim. Bu yildan ko’nglim to’lgani haqiqiy ijodkor do’stlar orttirganimdir. Aynan mana shu ijodkor do’stlarim bilan 2006 yilda juda ko’p yangilik yaratish niyatidaman.
Rayhon: Bu yil menga omadli keldi. Eng asosiy yutug’im bu O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist unvoni bilan taqdirlanganim. Mustaqillik bayrami arafasida bunday faxrli unvon bilan taqdirlanishdek quvonchli voqea bo’lmasa kerak. Bu yilgi yutuqlarim qatoriga fevral oyida o’tkazgan yakkaxon konsert dasturimni, “Faqat muhabbat” nomli albomim muxlislarim qo’liga yetib borganini, “Tarona-2005”da “Eng yaxshi albom” nominatsiyasida g’olib bo’lganimni, “Hech ayirilma”, “Qayta olmayman”, “Xo’p, mayli”, “Yodingdami?...”, “Yolg’izim” kabi qo’shiqlarimga klip ishlanganini va albatta ilk bor o’zimni aktrisa sifatida sinab ko’rganim, ya’ni “TV-Markaz” tomonidan suratga olingan “Yangi yil parisi” filmida suratga tushganimni qo’shishim mumkin.
- Samandar Hamroqulovning Qorqiz Rayhonga va uning ijodiga bo’lgan munosabati qanday?
Samandar: Juda ham chiroyli Qorqiz chiqdi Rayhondan. San’atkor sifatida Rayhonning so’nggi ijodiy izlanishlari meni qoyil qoldiradi. Inson sifatida juda ham soda, kamtarin qiz. Rayhon gulining isi boshqa gullar isidan ajralib turadi. Rayhon ham o’z ovozi, kuy qo’shiqlari, san’ati bilan boshqa xonandalardan ajralib turadi. Suhbat davomida uning yumshoq va chiroyli suhbatlashishi ham o’ziga rom etadi.
- Rayhonning Qorbobo Samandar haqidagi fikri qanday?
Rayhon: Ajoyib Qorbobo! Menimcha, Samandarni juda ham ochiqko’ngil va yaxshi inson bo’lganligi uchun qorbobo sifatida tanlagan bo’lsangiz kerak. Rostini aytsam, uni shaxs sifatida juda yaxshi bilmayman. Juda ham kam hollarda u bilan uchrashib qolamiz. Lekin, uni aqlli, ko’ngli ochiq, izlanuvchan va juda ham yaxshi inson, deb bilaman. Uning qo’shiqlari menga juda yoqadi. Estradamizning eng yorqin yulduzlaridan biri, deb hisoblayman. U nafaqat yaxshi xonanda, balki, juda ham yaxshi aktyordir. Shuning uchun ham men uni “Yodingdami?...” qo’shig’im klipiga taklif qilganman.
- Yangi yil tilaklaringiz…
Samandar: Xohlaymanki, insonlarning 2010 yilgacha bo’lgan ish rejalari 2006 yilgacha amalgam oshsin. Yurtimiz tinch bo’lsin! Tinchlik bo’lsa, ijodimiz ham gullaydi. Shou-biznes dunyosining nufuzli sovrinlari “Oskar” va “Gremmi” bo’lsa, ana o’sha sovrinlar ham bizning tinch yurt farzandlariga nasib etsin.
Rayhon: Yangi yil kechasi soat 12:00da bong urganda, hamma eng ezgu tilaklarini tilaydi. Men ham aynan o’sha vaqt o’z tilaklarimni tilayman. Ezgu tilaklar amalga oshishini chin dildan istayman. Har bir insonning hayotida faqat va faqat yaxshilik, sevgi-muhabbat. Ezgulik bo’laversin!