"Romeo va Juletta" o'zbekcha talqinda!
Taniqli ingliz adibi, shoir va dramaturg Uilliyam Shekspirning mashhur “Romeo va Juletta” asarini o’qimagan, asar asosida sahnalashtirilgan spektakllarni,
suratga olingan bir-biridan ajoyib filmlarni tomosha qilmagan odam kam bo’lsa kerak. “Romeo va Juletta” iborasini eshitgan zahoti ko’z oldimizga beg’ubor muhabbat keladi. Bu asarning shu darajada tabiiy yozilganidan dalolat bersa, ne ajab!..
“Romeo va Juletta” asari asosida dunyoning eng ko’zga ko’ringan rejissorlarigina film ishlashga jazm etgan. Asos bir bo’lgani bilan, har biri o’z yo’nalishiga, o’ziga yarasha talqinga ega. Ana endi yana bir bor ko’z oldingizga keltiring mashhur “Romeo va Juletta” asari o’zbekona, zamonaviy talqinda! Qanday qilib? Bunday film ishlansa, xalq qanday qabul qiladi? “Romeo va Juletta” obrazlarini kimlar talqin etarkan? Xullas, shu va shu kabi savollar bisyor. Bularning hammasiga mana shu maqola orqali javob berishga harakat qilamiz.
Shu kunga qadar, o’zbek kinorejissorlari negadir “Romeo va Juletta” asariga qo’l urishmagan. Negaligi bizga qorong’u. Balki biroz cho’chishgandir yoki bu asarni ekranlashtirishni o’ylashmagandir? Xullas, “Sarvinoz”, “Baxt uchun million”, “Fotima va Zuxra” kabi eng kassabop filmlarni tasvirga tushirgan rejissor Bahrom Yoqubov boshchiligidagi ijodiy guruh “Romeo va Juletta” asarini suratga olmoqda. Qiziq, u bunday ma’suliyatli vazifani amalga oshirishga qanday jazm etdi? Suratga olinayotgan film qay darajada professional chiqar ekan? Bu savollarga javobni vaqt ko’rsatadi. Film scenariysini yozayotganda Bahrom Yoqubov, asosan, film o’zbekona, zamonaviy, voqealar rivoji Toshkentda sodir bo’lishini ko’z oldiga keltirdi. Va uni yozib tugatib, “Romeo va Juletta yoxud la’natlangan sevgi” deya nom qo’ydi. Film o’zbekona bo’lganidan so’ng tabiiyki, qahramonlar ismi o’zgarishi ham kerak. Romeo Ravshan, Juletta Jamila, haqiqiy o’zbek yigit va qizlariga xos ism. Filmning mazmun-mohiyatiga to’xtalib o’tirmaymiz. Zero, filmning mazmuni ochib berilsa, unga bo’lga qiziqish ham o’z-o’zidan pasayadi. Shuni aytishimiz mumkinki, mazkur filmni oila davrasida ko’rib, hordiq chiqarish mumkin. Balki bu fikrlar sizga biroz erish tuyular? Qanday qilib, film suratga olib bo’linmasdan bunday ishonch bilan aytish mumkin, dersiz? Men faqatgina ortga nazar tashlagan holda (ya’ni, “Sarvinoz”, “Baxt uchun million”, “Fotima va Zuxra” filmining muvaffaqiyatiga tayanib) taxminli fikrimni aytyapman. Ana endi aktyor va aktrisalarimiz haqida to’xtalib o’tsak. Romeo va Juletta obrazlarini talqin etuvchi aktyor va aktrisamiz sinchkovlik bilan o’tkazilgan tanlov asosida aniqlandi. Har ikkala rolni ijro etish uchun talabgorlar juda ko’p edi. Romeo obrazini ijro etish uchun ko’zlari doim ma’yus Shohuhxon tanlab olindi. Albatta, tanlovdan o’tish Shohruhxon uchun oson kechgani yo’q. Eng katta tanlov Juletta roliha nisbatan bo’ldi. Ne-ne mashhur aktrisalarimiz, hatto estradamizning eng ko’zga ko’ringan yulduzlari (birma-bir sanab o’tirmaymiz, yo’qsa, ularning ko’ngliga og’ir botishi mumkin) Juletta rolini olish uchun kinosinovdan o’tishlariga to’g’ri keldi. Ammo rejissorning mo’ljalidagi aktrisa topilavermadi. Juletta rolini ijro etish uchun quyidagilar talab qilingandi: qiz juda yosh va go’zal, shu bilan birga aktrisalik mahorati yetarli darajada bo’lishi shart edi. Xullas, fotosinov va kinosinovlardan O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Shahboz Nizomiddinovning kenja qizi 16 yoshli Zarina Nizomiddinova o’ta oldi.
Saytimizni kuzatib boring va “Romeo va Juletta” filmi haqidagi eng yangi ma’lumotlarni bilib oling.