“Setora”: “Biz juda yoshmiz”

“Omad qushi kutilmaganda kelib boshga qo’nadi” deyishgani rost ekan. Kuni kecha hech kim tanimaydigan qizlar O’zbekistonning eng mashhur guruhi, deb tan olingan “Setora” guruhi nomi ostida katta sahnada! Iqror bo’ling, “Setora” nomiga, uning mavqeiga erishish juda qiyin. Biroq yosh ijodkorlar, uch go’zal xonanda, bu nomni oqlash uchun bor kuch-g’ayratlarini ijodga safarbar etmoqdalar. Nima ham derdik, tilagimiz bitta – qalblarni titiratgan “Setora” nomini oqlang, qizlar!

MALIKA SHERMUHAMMEDOVA
Tug’ilgan vaqti va joyi: 1984 yil 27 aprel, Toshkent shahri.
Burji: Buzoq.
Sevimli rangi: moviy va qirmizi.
Yoqtirgan fasli: bahor va kuz.
Sevimli qo’shig’i: mayus qo’shiqlarni yoqtiradi.
Sevimli xonandasi: barcha xonandalarning ijodiga hurmat bilan qaraydi.
Sevimli aktyori va aktrisasi: Lui De Fyunes, Ketrin Zeta Jons.
Sevimli filmi: detektiv janridagi filmlarni hush ko’radi.
Yoqtirgan avto rusumi: klassik avtomobillarni yoqtiradi.
Qiziqishi: avtomobillar.
Shiori: Olg’a, olg’a va faqat olg’a!

NILUFAR OTABEKOVA
Tug’ilgan vaqti va joyi: 1983 yil 31 ivul, Toshkent shahri.
Burji: arslon.
Sevimli rangi: oq va havorang.
Yoqtirgan fasli: bahor va yoz.
Sevimli qo’shig’i: “Good bye, my love good bye”.
Sevimli xonandasi: kimning qo’shig’i yaxshi bo’lsa, shuni tinglaydi.
Sevimli aktyori va aktrisasi: Tom Kruz va Penelopa Krus.
Sevimli filmi: “Titanik”.
Yoqtirgan avto rusumi: “BMW” va “Mersedes”.
Qiziqishi: raqsga tushish.
Shiori: Hamisha olg’a!


RIZVONGUL ABDURASULOVA
Tug’ilgan vaqti va joyi: 1982 yil 1 oktyabr, Toshkent shahri.
Burji: tarozu.
Sevimli rangi: oq va qora.
Yoqtirgan fasli: bahor va yoz
Sevimli qo’shig’i: “Ikki daraxt” Yulduz Usmonova.
Sevimli xonandasi: Sherali Jo’raev, Yulduz Usmonova, Jennifer Lopes,
Enrike Iglesias.
Sevimli artyori va aktrisasi: Silvestr Stallone, Juliya Roberts.
Sevimli filmi: “Shamollarda qolgan hislarim”.
Yoqtirgan avto rusumi: o’zbekcha “mers”, ya’ni “Lasetti”.
Qiziqishi: kinoda rol o’ynash.
Shiori: Hamisha olg’a va faqat oldinga!

ILK TAASURORLAR
Guruhning eng sho’x va maftunkor qizi bu – MALIKA SHERMUHAMMEDOVA. Ovozi ham shirali. Insonlar bilan tez til topisha olishini uning yaxshi xususiyatlaridan biri, deyish mumkin.

NILUFAR OTABEKOVA - o’ta bosiq, jiddiy va samimiy. Uning sodda, lekin tirishqoq ekanligi shundoq sezilib turadi. Sohibjamollik bo’yicha dogonalaridan qolishmaydi. Nilufar bilan suhbatlashgan inson vaqt qanday o’tganini sezmay qoladi.

2000 – yil o’tkazilgan “O’zbekiston go’zali” ko’rik-tanlovi g’olibasi RIZVONGUL ABDURASULOVAning o’ta ma’suliyatli ekani ko’rinib turibdi. U ham Nilufar kabi yaxshi suhbatdosh.

- “Setora” guruhining yangi tarkibiga qabul uchun juda ham katta tanlov o’tkazildi. Hayajonlandingizmi?
Rizvongul: Albatta juda katta hayajon bo’ldi. Tanlovda juda ko’plab qizlar qatnashishdi. Shunga qaramay shu tanlovda ishtirok etib, o’zimizni sinab ko’rishga ahd qildik.
Malika: Tanlovda ishtirok etgan qizlar bir-biridan go’zal va kelishgan edi. Hatto biz o’zimizcha guruhga kim munosib ekanligini ham belgilab qo’ygan edik. Xullas, tanlovning birinchi bosqichidan o’tdik.
- Ikkinchi bosqichda qanday shartlarni bajardingiz?
Malika: Biz ikkinchi bosqichda kamera oldida sinov topshirdik. O’z mahoratlarimizni namoyish etishga harakat qildik. Qo’shiq kuyladik, raqsga tushdik. Bularning bari juda qiziq kechdi.
- Uchinchi bosqich ham bo’ldimi?
Rizvongul: Ha, albatta. Ikkinchi bosqichdan o’tgach 9ta qiz qoldik va buni nishonlash uchun restoranga bordik. Negadir Nilufar buni nishonlashga bormadi. Shundan so’ng biz Nilufar o’ta olmabdi-da, degan fikrga bordik. Uchinchi bosqich yakunida Nilufar ham tanlovdan muvaffaqiyatli o’tganini bilib oldik. “Tarona records”dan bizga qo’ng’iroq qilib, guruh tarkibiga qabul qilinganimizni ma’lum qilishganda qay holga tushganimizni hatto tasavvur qila olmaysiz.
Malika: Quvonchimdan ichimga sig’may Rizvongulga qo’ng’iroq qilishga chog’landim-u, “Rizvongul o’tmagan bo’lsachi” degan fikr meni bu yo’ldan qaytardi. Ammo zum o’tmay Rizvongulning o’zi menga qo’ng’iroq qilib: “Men guruhga qbul qilindim. Sen-chi?!” –deb qoldi. Kelishilgan vaqtda studiyaga kelib, u yerda Nilufarni uchratdik.
Nilufar: Ochig’i, men ham guruhga qabul qilinishimni kutmagan edim.
- Ilk ijod mahsulingiz bo’lmish “Bilaman” taronasi qanday dunyoga keldi?
Nilufar: O’sha kuni qo’shig’imiz soat 15:00da yozilishi kerak edi. Biz o’z vaqtida yetib keldik. Soat 16:00ga qadar ovoz yozish uchun barcha narsani tayyorladik va endi qo’shiqni yozamiz, deb turganimizda kutilmaganda chiroq o’chib qoldi.
Rizvongul: Aslida qo’shiq yozishdan avval biror narsa yeiyish mumkin emas. Qo’shiqni to’q qoringa aytib bo’lmaydi. Shuning uchun ham biz och-nahor qo’shiq yozishga kelgan edik. “Ana chiroq keladi, mana keladi” deb, 3-4 soat hech narsa yemay poylab o’tirdik.
Malika: Ilk qo’shig’imiz “Bilaman”ni haqiqatan och qoringa yozdik. Chiroq kelguniga qadar esa biz do’stlashib oldik. Qo’shiq och qoringa yozilgani uchun ham biroz sustroq chiqqan, deb o’ylayman.
- “Tarona-2005”sizga katta sahnaga yo’llanma berdi...
Malika: Ochig’i, juda ham hayajonlandik.
- Sobiq “Setora”chilar sizga qanday munosabatda bo’lishyapti?
Rizvongul: Ular bizga yomon ko’z bilan qarashmadi. Muxlislardan bir narsani so’ragan bo’lardik: bizni “Se*Tanho” guruhi bilan solishtirmang! Bizning u darajaga yetishimizga ancha bor. Ammo “Setora” nomini oqlashga, obro’sini tushirmaslikka harakat qilamiz. Hozirda o’zimiz ustimizda ishlayapmiz. Vokal va xoreografiya darslariga qatnayapmiz. Yana bir narsa, o’sha kuni, ya’ni “Tarona-2005” taqdimotida sobiq “Setora”chilarning hatto biz uchun qayg’urishlarini ham sezdik.
- Ochig’i, konsertda juda ham go’zal va maftunkor ko’rindingiz. Liboslaringiz kimni mehnat mahsuli?
Nilufar: Kiyimlarimizni imijmeykerimiz, moda ustasi Kamilla Yakubova tayyorlayapti. Konsertda kiyib chiqqan kiyimimiz imijimizga, qo’shig’imizga moslangan. Aslida biz hayotda juda ham oddiy kiyinamiz.
Malika: Ishonsangiz, bu kiyimlarga moslashish uchun ularni 5 kun uyda kiyib yurdik. Oyna oldida o’zimizni ko’rib, kiyimlarga o’rganib olishga harakat qildik.
- Demak, ko’cha-ko’yda sizni butkul boshqa imijda uchratar ekanmizda!
Nilufar: (kuladi) Ha. Biz oddiy talabalarmiz. Qolaversa, hali juda yoshmiz.
- Talabalar?! Qayerda tahsil olasizlar?
Malika: Toshkent Davlat Sharqshunoslik Universitetining 5-bosqich talabasiman.
Rizvongul: Men Toshkent Davlat Madaniyat Instituti magistraturasi talabasiman.
Nilufar: Men esa Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetining 2-bisqich talabasiman.
- “Setora”guruhidagi faoliyatingizga qadar nimalar bilan shug’ullangansiz?
Malika: San’atga aloqadorini aytadigan bo’lsam, menimcha, ko’pchilik yaxshi biladi Shohruhning “Balandda” nomli qo’shig’iga ishlangan klipda suratga tushganman. Klip juda ma’noli chiqqan. San’atga bo’lgan qiziqishim mana shu klipdan so’ng yanada oshdi.
Nilufar: Men 2001-2002 yillari “O’zbekiston go’zali” tanlovida ishtirok etganman.
Rizvongul: 2000 yil - “O’zbekiston go’zali” tanlovida ishtirok etib, 1-o’rinni egallaganman. “Yoshlar” telekanalida “Sifat belgisi” ko’rsatuviniolib borganman. Yakkaxon tarzda qo’shiq ham kuylaganman. Shuningdek, “Taqdir” badiiy filmida suratga tushganman.
- Darvoqe,eshitishimizga qaraganda, yangi filmda ham suratga tushayotgan ekansiz? Bu kinoloyihaga qanday qo’shilib qoldingiz? “Tarona records” orqalimi?
Rizvongul: Yo’q, “Tarona records” orqali emas. Mening bir tanishim “Oydin kechalar” filmida rol ijro etishga taklif qilib qoldi. Mazkur film rejissyori Zebo Yo’ldosheva menga bir nigoh tashlab, kinosinovda ishtirok etishga taklif qildilar va kinosinovdan o’tdim. Keyin filmda ishtirok etishim uchun avval prodyuserimdan so’rashim kerakligini ta’kidladim. Ular prodyuserim kimligini so’rashganda “Tarona” ekanligini va hozirda “Setora” tarkibiga qabul qilinganimni aytdim.
- Ijro etayotgan rolingiz sizga yoqdimi?
Rizvongul: Ha, bu rol menga yoqdi, salbiy rol bo’lsa ham.
- Bu qanday rol aslida?
Rizvongul: Mening qahramonim bir yigitni sevib qoladi. Ammo uning qalbi band bo’ladi. Bundan voqif bo’lgach ham, qahramonim sevgisidan voz kechmaydi...
- Hayotda ham shunday qila olarmidingiz?
Rizvongul: Hayotda bunday voqealar bo’lmasin, deyman.


Mirtohir Mirg’ulomov suhbatlashdi.

Mazkur intervyudan foydalanilgan holda sayt manzilini va suhbatdosh ismi-sharifini ko’rsatishni unutmang!

Bosh sahifa

Fotosuratlar

Intervyu

Tarona yangiliklari

“Yulduzlar reytingi”

Sevimli internet manzillar

Qisqa savollarga, lo'nda javoblar

Kim qachon tavallud topgan?

Qo'shiqlar matni

Nega rus tilida so'zlashasiz?

Yulduzlar reytingi natijalari

Yulduzlar galaktikasi

FM-To'lqinlarida

Yulduzlar



ХоÑтинг от uCoz