Bosh sahifa
Intervyu
Fotosuratlar
Tarona yangiliklari
“Yulduzlar reytingi”
Sevimli internet manzillar
Qisqa savollarga, lo'nda javoblar
Kim qachon tavallud topgan?
Qo'shiqlar matni
Nega rus tilida so'zlashasiz?
Yulduzlar reytingi natijalari
Shahzodaning qanday siri bor?

Shahzoda – u o’ta maftunkor va iste’dodli. Nihoyatda xushmuomala va ma’suliyatli. Shahzoda ijro etgan har bir qo’shiq muxlislar qalbidan chuqur joy egallaydi. Qo’shiqlari ohanrabosi muxlislar qalbini junbushga keltiradi.
2001 yilda Shahzoda tahallusi ostida ijod qila boshlagan xonanda “Yurak sezar” hamda “Baxt bo’ladi” taronalari va ajoyib kliplari bilan qo’shiq ixlosmandlari etiborini o’ziga qaratdi. Uning ilk yutug’i “Tarona – 2003” taqdimotida ko’zga ko’rindi. Bir yo’la ikkita: “Yilning eng yaxshi sahna qiyofasi” va “Yilning eng yaxshi ayol xonandasi” nominatsiyalaridagi g’oliblik xonandaning keyingi ijodi uchun ma’naviy oziq hamda ruhiy turtki bo’ldi. U katta ishonch bilan o’sha yilning o’zidayoq ilk yakkaxon konsert dasturini ham muxlislar hukmiga havola etdi. “Tarona – 2004”da “Yilning eng yaxshi musiqiy albomi” (“Baxt bo’ladi”), “Tarona – 2005”da “Yilning eng yaxshi qo’shig’i” (“Keragimsan”) nominatsiyalarida g’olib bo’ldi. “Sevinch” hamda “Sarvinoz” badiiy filmlarida Shahzoda o’z aktyorlik mahoratini sinab ko’rgan Shahzoda muxlislari ko’z o’ngida yoqimtoygina xonandadan o’zini san’atning har bir sohasida qo’rqmay sinab ko’radigan tinib-tinchimas ijodkor insonga aylandi. Xo’sh, Shahzodadan yana nimalarni kutish mumkin?

- Sizni o’zbek estradasining eng omadli yulduzlaridan, deya etirof etishmoqda…
- Men o’zimni nafaqat san’atda, balki hayotda ham juda omadli inson deb bilaman. Menimcha, faqat omadning o’zi kamlik qiladi insonga. Intilish va mehnat ham kerak. Shuningdek, xohish, istak ham ortiqchalik qilmaydi.
- 2005 yil ham siz uchun omadli boshlandi-ya?
- Ha, juda omadli. Bu yilni men o’zim uchun juda muhim yil deb bilaman. Juda ko’p ijodiy rejalar tuzib qo’yganmiz. Bu rejalar sirasiga yangi film ham kiradi. Avvaliga 5-6ta scenariylar ichidan eng sarasini tanladik. Bu qiziqarli lavhalarga boy, tomoshabinlar etiborini o’ziga jalb qila oladigan film bo’ladi.
Yangi yakkaxon konsert dasturimga tayyorgarchilik, 4-albomim ustidagi ishlar ham qizg’in pallada. Muxlislarimizga “syurpriz”lar ham tayyorlab qo’yganmiz. Biroq, hozircha ular sir.
- Yangi yakkaxon konsert dasturingizning scenariy muallifi kim?
- Oktyabr oyining ikkinchi yarmida o’tkaziladigan yangi konsertimizga hozirdanoq tayyorgarchilik ko’ryapmiz. Sahna bezaklari, kiyimlar… Xullas, konsertga oid barcha-barcha masalalar. Bu yilgi konsert dasturim scenariysini ham o’zim yozaman.
- Bugungi kunda reyting ko’rsatkichi bo’yicha ayol xonandalar ichida siz, Rayhon hamda Lola yuqori pog’onalarni band etib turibsizlar. Shu o’rinda savol tug’iladi: Lola va Rayhonni o’zingizga raqobatdosh deb bilasizmi?
- Ularning har ikkisini ham, shuningdek boshqa xonandalarni ham o’zimga raqobatdosh deb hisoblamayman. Bu bilan men ulardan o’zimni zo’r deyayotganim yo’q. Har birimizning o’z yo’nalishimiz, imijimiz, muxlislarimiz, qolaversa, o’z rejalarimiz bor. Axir biz dugonalarmiz-ku. Yo’q, men ularni raqobatdosh deb hisoblamayman.
- “Baxt uchun million” filmida suratga tushmadingiz. Rejjisyor bilan kelisha olmadingizmi?
- Yo’q, rejissyor Bahrom Yoqubov bilan hech qanday kelishmovchilik yuz bergani yo’q. Filmga boshqa aktrisani taklif qilish rejissyorning g’oyasi edi. Bu tomoshabinlarda o’ziga yarasha qiziqish ham uyg’otdi, nazarimda. Hatto ikki Sarvinozni bir-biriga solishtirish uchun ham filmni tomosha qilgani tushganlar ham bo’ldi.
- “Baxtliman” qo’shig’iga klip ishlanganidan so’ng shaxsiy hayotingizga qiziquvchilar yanada ko’paydi…
- “Baxtliman”ga ishlangan klipda uch bolakay suratga tushgan. Ulardan biri mening farzandim. Ko’pchilik jurnalistlar Shahzoda farzandi borligini berkitar ekan, degan hayolga ham borishibdi. Hatto bir kuni jurnalistlardan biri menga shunday savol berdi: “Siz nega farzandingiz borligini sir tutasiz?” Yo’q, men sir tutmayman. Men turmush qurganman va qonuniy o’g’ilim bor. Shaxsiy hayot – bu o’z nomi bilan “shaxsiy”. Shaxsiy hayot yomon bo’lsa sir tutilmaydi, meni hayotim juda ham yaxshi. Shunchaki shaxsiyligi uchun sir tutiladi, mening ijodim bo’yicha fikr bildirishsa, qarshiligim yo’q.
- Yurtimizda “Shahzoda imiji”dagi qizlar ko’payib ketgan. Maftunkorligingiz sabab bo’lsa kerak. Yoki boshqa siri bormi?
- Bunda hech qanday sir yo’q. Hamma qizlar maftunkor, latofatlidir. Shunchaki eng asosiy sir – hayotni sevishda. Hayotda “optimist” bo’lish kerak.
- Hozirgacha siz faqat O’zbekistonda ijod qilib keldingiz. O’z san’atingizni yevropalik muxlislarga taqdim qilish niyatingiz yo’qmi?
- Ayni kunlarda Yevropadagi ijod bo’yicha ba’zi loyihalar tuzilmoqda. Tez kunlarda bunga o’zingiz guvoh bo’lasiz. Biroz kutishga to’g’ri keladi…


Mirtohir Mirg’ulomov suhbatlashdi
Mazkur intervyudan foydalangan holda sayt manzili va suhbatdosh ismi-sharifini ko’rsatishni unutmang!





ХоÑтинг от uCoz