SOGDIANA – Modellikdan voz kechgan xonanda
 


Kirish so'zi
Sogdiana – yosh, maftunkor, xushmuomala, shirali ovoz sohibasi. Uning “Ovora bo’lma” nomli qo’shig’i yoshlarning tiliga, nafaqat tiliga hatto diliga tushganini ta’kidlab o’tish o’rinli. Sogdiana ismi qadimgi Sharq davlatini yodga soladi, ya’ni So’g’diyona davlatini. Sogdianani bugun nafaqat O’zbekistonda hatto dunyo miqyosida ham asta-sekinlik bilan tanib borishyapti. Bundan kelib chiqadi-ki, bu nom bejiz tanlanmagan, sharqona ism bilan yurtimizni tarannum etayotgan, ismi jismiga monand yosh xonanda qayta-qayta xalqaro festivallarda ishtirok etib, g’oliblik nashidasini surayotgani tahsinga sazovordir.


Sogdiana haqida qisqacha ma’lumot:
Sogdiana 1984 yil 17 fevral kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. 2001 yil O’zbekiston Milliy Davlat konservatoriyasiga o’qishga kirib, 2005 yil yakunladi va eng yuqori ball bilan shu oliygohning magistratura bosqichi imtihonlaridan o’tdi. “Sado-99” ko’rik tanlovida birinchi o’rinni, “Aziz ona yurtim navolari” tanlovida ikkinchi o’rinni (birinchi o’rin hech kimga nasib etmagan), “O’zbekiston – bizning umumiy uyimiz” festivalida “Eng yaxshi ovoz sohibasi” yo’nalishida g’oliblikni qo’lga kiritgan. 2003 yil O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ta’sis etilgan “Nihol” mukofotini qo’lga kiritdi. Aynan shu yili Sankt-Peterburgda “Put k zvezdam” Xalqaro festivalida ishtirok etib, laureat bo’lib qaytdi. 2005 yil Bolgariyaning Varna shahrida bo’lib o’tgan XIV Xalqaro pop-musiqasi festivalida ishtirok etib, faxrli ikkinchi o’rinni qo’lga kiritdi.


Intervyu
- Sogdiana, san’atga bolalik chog’laringizdan ixlos qo’yganmisiz?
- Ha, bolaligimda tug’ilgan kunlarda yoki turli xil bayram, tadbirlarda ishtirok etib, o’z san’atimni namoyish etishga harakat qilardim. Goh she’r aytib berardim, goh raqsga tushardim, qo’shiq ham aytardim. Xullas, san’atga mehr qo’ygan qizaloq edim. Mendagi ishtiyoqni ko’rib, ota-onam musiqa maktabiga o’qishga berdilar. 1991 yili Glier nomli musiqa maktabiga o’qishga kirdim. U yerda fortepianodan dars oldim. So’ng Uspenskiy nomidagi musiqa maktabida tahsil oldim. O’sha yillar san’atning poydevori mustahkamlandi desam, mubolag’a qilmagan bo’lar edim. Fikru xayolim mohir pioninochi bo’lishga qaratilgan edi. Buning uchun esa kunu tun tinimsiz mehnat qilish lozim ekan. Vaqt o’tishi bilan qandaydir ichki tuyg’u meni qo’shiq aytishga undadi.
- Ilk ijro etgan qo’shig’ingizni eslay olasizmi?
- Ilk qo’shig’imni 4 yoshligimda ijro etganman. “Vesyolie kartinki” jurnalida bir she’rni o’qib qolganman va u menga juda yoqib qolgan. Uni o’qib, akamga yoddan aytib berdim. Akam gitara chalar edi. Shunday qilib, akam chalgan, men qo’shiq aytganman. Qo’shiq kuchukcha haqida edi. Bilasizmi, bu o’sha qo’shiqni hozir ham eslasam, ko’zimga yosh keladi. Chunki qo’shiq juda ta’sirli edi-da. Yoshligimda ko’pchilik meni katta bo’lsa, san’atkor bo’ladi, deyishardi. Onam dugonalari davrasida menga konsert uyushtirib berardilar. Konsertda men she’r, qo’shiq aytardim va hatto bir marta balet ham tushib berganman (kuladi). Ilk konsertlarim kichik davrada 5-6 kishi uchun taqdim etilgan. Ammo olqishlar samimiy bo’lgan.
- Ayting-chi, agar san’atni tanlamaganingizda qaysi sohani tanlagan bo’lardingiz?
- Men sahnada o’zimni juda yaxshi his qilaman. Qalbim buyurgan ishni allaqachon topganman. Mana shu kungacha ikkilanmasdan xonandalik yo’lida izlanyapman, odimlanyapman. Yaqinlarim menga san’at sohasi har tomonlama mos kelganligini aytishgach, o’zimga bo’lgan ishonch yanada ortdi. Agarda xonanda bo’lmaganimda… menimcha, fotomodel bo’lardim. Chunki suratga tushishni juda yaxshi ko’raman. Bu men hech erinmay, jon dilim bilan shug’ullanadigan mashg’ulotlardan biri. Biroq estradada o’zimni topgach, fotomodel emas, xonandalikni davom ettirishni lozim topdim.
- Balki aktrisa bo’larsiz?
- “Xo’ja Nasriddin: O’yin boshlandi” filmida suratga tushayotganligimni nazarda tutib aytayotganga o’xshaysiz. Mening bu filmga kelib qolishim juda ham qiziq bo’lgan. Film rejissori Scan Multi aslida men ijro etayotgan Yasmina roliga boshqa qizni tanlab qo’ygan ekan. Film dizayneri Nurlan Botirov bir kuni Scanga o’zi tayyorlagan kiyimlarni ko’rsatish uchun mening fotosuratlarimni ko’rsatibdi. Shunda Scan bir zum jim bo’lib turib, birdaniga “portlabdi”, menga shu qizni topib ber, deb turib olibdi. Nurlan meni kinostudiyaga taklif qildi. Rejissor men bilan suhbatlashgach, hech qanday kinosinovsiz, “siz Yasmina rolini ijro etasiz” dedi va bir hafta o’tar-o’tmas suratga olish ishlari boshlanib ketdi. Aktrisalik faoliyatim ana shunday intihoga ega…
- Hozir nimalar bilan bandsiz?
- Yaqin kunlarda yangi qo’shiqlraimdan biri, Pavel Uporov musiqasi, Temur so’zi bilan kuylangan “Netay” nomli qo’shig’imga klip suratga tushirdik. Klipmeyker Scan Multi tomonidan suratga olingan ushbu klip “Ovora bo’lma” klipidan tubdan farq qiladi. “Ovora bo’lma”da asosan “Fankidens” guruhi bilan birga raqsga tushgandik, bunisida hayotiy voqelik ko’rsatib beriladi.
Klipda yuz beradigan hodisa, ancha oldin mening hayotimda sodir bo’lgan. Bitta ko’rgandayoq tushunib olish qiyin klip mazmunini. Bir-ikki bor ko’rgandan keyingina tushunasiz. Klip haqida ortiqcha to’xtalib o’tirmayman. Faqat bir narsani aytishim mumkin: klip yakunida tomoshabinlarni ajoyib sovg’a kutyapti! Boshqa yangiliklarimdan ham tez kunlarda voqif bo’lasiz.
- Darvoqe, “Ovora bo’lma” qo’shig’ingiz klipida raqsga tushganingizni ko’rib, hayron qoldik. Maxsus raqs to’garagiga qatnaysizmi?
- Maxsus raqs to’garaklariga qatnashmaymnu, ammo sho’x qo’shiqlarimga monand raqsga tushish uchun harakat qilaman.
- Imijingizni tez-tez o’zgartirib turishni xush ko’rasizmi?
- San’at olami yangilikni, tez-tez o’zgaruvchanlikni talab qiladi. Shunday ekan, kasbimiz taqazosi tufayli, tez-tez imijimizni, tashqi ko’rinishimizni o’zgartirib turishimiz lozim. O’zim ham o’zgaruvchanlikni xush ko’raman. Muxlislar ko’z o’ngida yangiliklar yaratib turish kerak. Ularni qanchalik hayratga solsangiz, shunchalik sizga bo’lgan e’tibor ham ortadi. San’atkor bir joyda qotib qolishi kerakmas.
- Yaqindagina Italiyada bo’lib o’tgan festivalda bir emas, ikki yo’nalish bo’yicha g’oliblikni kiritibsiz, tabriklaymiz.
- O-oo, rahmat! Bu men qatnashgan Xalqaro miqyosdagi uchinchi festival aslida. Bunday nufuzli festivallarda qatnashish xonandadan o’ziga xos ma’suliyat va ishonchni talab etadi. Har safar qattiq hayajonlanaman.
- Festival haqida, mukofotlaringiz haqida gapirib bersangiz…
- Bilasizmi, ochig’i, men bunday nufuzli festivalda g’olib bo’laman, deb sira o’ylamagandim. Bu festivalga meni Bolgariyada bo’lib o’tgan “Discovery” festivali yakunlariga ko’ra taklif qilishgan. Italiya festivaliga taklifni olishim bilan qattiq tayyorgarchilik ko’rishni boshladim. 17-18 sentyabr kunlari “Canzoni dal Mondo” festivalida ikki kun sahnaga chiqdim. Birinchi kuni Ravil Gimazutdinov aranjirovkasi bilan kuylagan “Yurak mahzun” qo’shig’im “Eng yaxshi aranjirovka” nominatsiyasida g’olib deb topildi. Ammo eng katta hayajon va quvonch bayramning ikkinchi kunida sodir bo’ldi: “Festivalning eng yaxshi xonandasi” degan eng sharafli nominatsiya g’olibi bo’ldim!
Turli mamlakatlardan kelgan xushovoz xonandalar ichida boshqa festivallar g’olibi, gran-pri sovrindorlari, ajoyib iste’dod sohiblari juda ko’p edi, hay’at a’zolariga g’olibni aniqlash oson kechmadi. Xalqaro festivallarni uyushtiruvchi “FIDOF” tashkiloti tomonidan o’tkazilgan ushbu katta festivalga 13 ta davlatdan 16 ta ishtirokchi tashrif buyurdi. Ular orasida Fransiya, Italiya, Ispaniya, Rossiya, Armaniston, Malta, O’zbekiston va ko’plab boshqa davlatlardan vakillar bor edi. Salerno shahrida o’tkazilgan ushbu festival Italiyaning barcha telekanallari orqali namoyish etildi.
- Qiyinchiliklar bo’lmadimi?
- Asosiy qiyinchilik vaqt bilan bog’liq bo’ldi. Festivalga tayyorgarliklar u yerning vaqti bilan 21:00da bo’lar ekan. Bizning vaqtimizda bu 24:00ga to’g’ri keladi. Festivalning o’zi esa tungi soat 2:00da (bizning vaqtimiz bilan) boshlandi. Boshqalardan farqli ravishda mening ovozim tunda “uyquga” ketadi. Ana endi tasavvur qilavering, menga qanchalik qiyin bo’lganini.
- Italiya madaniyati sizga yoqdimi?
- Ochig’i, qisqa muddat ichida shu davlatni bor go’zalligi bilan qabul qilishga urindim. Qo’hna shaharlar, ochiq qalbli insonlar. Italiyaliklar o’ta mehmondo’st bo’lib, juda makaronxo’r ekanlar. Nonushta, tushlik hatto kechki taom ham makarondan iborat. Ular bu ajoyib mahsulotni “pasto” deb atasharkan.
- Uyingizni sog’ingandirsiz?
- Atigi 5 kun Vatandan yiroqda bo’ldim. Biroq, shu muddat ichida Toshkentni, ota-onamni qattiq sog’indim. Safar davomida do’st ham orttirdim. Armanistonlik Anna Xachatryan bilan shunday yaqin bo’lib ketdikki, bizni ko’pchilik avvaldan bir-birimizni taniymiz deb o’ylashibdi. Xayrlashuv chog’ida yig’lashib ham oldik. Bir-birimiz bilan bog’lanib turishga ahdlashib, manzillarimizni yozib oldik.

Sogdianaga maktublaringizni "sogdiana-uz@mail.ru" manziliga yozing!

Mirtohir Mirg’ulomov suhbatlashdi.

Mazkur intervyudan foydalanilgan holda sayt manzilini va suhbatdosh ismi-sharifini ko’rsatishni unutmang!


Qolgan sahifalarga o'tish:
Bosh sahifa
Fotosuratlar
Intervyu
Yulduzlar
"Yulduzlar reytingi" - Ovoz ber!


 

ХоÑтинг от uCoz