O’zbek estradasining eng chaqnoq yulduzlaridan biri sanalmish Rayhon o’z an’anasiga sodiq qolgan holda bu yil ham romantik bayram “Sevishganlar kuni” munosabati bilan 12-13-14 fevral kunlari soat 19:00da “Xalqlar do’stligi” saroyida o’zining yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi. Bu yilgi konsert “Yolg’izim” deb nomlanib, avvalgi konsert dasturlaridan mutlaqo farq qiladi.
- Rayhon, nega har yili aynan “Sevishganlar kuni”da konsert dasturingizni taqdim etasiz?
Rayhon: Chunki, ushbu romantik bayram o’zimga ham juda-juda yoqadi. O’zim romantikani xush ko’rganim uchun ham qo’shiqlarimning aksariyati sevgi, muhabbat haqida. Sevgi-muhabbat bu buyuk tuyg’u!-
Rayhon: Konsert “Yolg’izim” deb nomlanadi va unda “Yodingdami?...” nomli albomimizdan o’rin oladigan deyarli barcha qo’shiqlar ijro etiladi. Qolaversa, avvalgi albomlarimdagi muxlislarimga manzur bo’lgan qo’shiqlarimni ham ijro etaman. Konsertga juda katta mablag’ sarflanmoqda. Konsertga qurilayotgan dekoratsiya romantik uslubda bezatilyapti. “Misteriya”, “O’zbekiston”, “Belonosochniki” kabi shou-balet guruhlarining ajoyib raqslari hech kimni befarq qoldirmaydi, deb o’ylayman. Ishonasizmi, konsertga tayyorgarliklarni avvalgi konsertni o’tkazib bo’lishimiz bilan boshlaganmiz. Bir yil davom etgan tayyorgarliklar mobaynida barcha g’oyalarni amalga oshirishga harakat qildim. Konsertda “Xo’p, mayli”, “Yolg’izim”, “Yodingdami?...”, “Intilib yashayman”, “Aytolmayman”, “Shunday hayot”, “Yodimda bo’lgin”, “Begona” kabi yangi qo’shiqlarimni ijro etaman.
- “Rayhonning konserti bo’lmas emish” degan mish-mishlarga qanday qaraysiz?
Rayhon: Bu albatta noto’g’ri. Faqatgina mish-mishlar xolos. Xudo xohlasa, konsertimiz albatta bo’ladi.
- Yangi albomingiz qachon sotuvga chiqadi?
Rayhon: Nasib qilsa, muxlislar konsert bo’layotgan kuni “Yodingdami?...” nomli albomimni xarid qilish imkoniyatiga ega bo’ladilar.
- Yangi albomingizdagi qo’shiqlar qaysi bastakor va shoirlar ijodiga mansub?
Rayhon: She’rlarning aksariyatini Ra’no Yarasheva yozib berdilar. Shuningdek, Shirin G’ofurova hamda Ibrohim Jiyanov yozgan she’rlaridan ham foydalandik. Musiqalarni esa o’zim yozdim.
- Konsertda mehmon san’atkorlar ham bo’ladimi?
Rayhon: Yo’q, mehmonlar bo’lmaydi.
- “Yodingdami?...” qo’shig’ingizga ishlangan klipda Samandar Hamroqulov bilan ajoyib rol ijro etgansiz. Konsertda-chi… birgalikda chiqish qilmaysizmi?
Rayhon: Savolingizga savol bilan javob beraman: siz muxlis sifatida buni xohlarmidingiz?
- Ha, albatta!
Rayhon: Unday bo’lsa, bu taklifingizni o’ylab ko’ramiz.
- Darvoqe, konsert rejissori kim?
Rayhon: (Bu savolga Rayhonning direktori Aziz javob berdi) Konsert rejissori Rayhonning o’zi. Har yili Rayhon o’zi rejissorlik qilardi-yu, ammo oshkor etishni istamasdi. Mana endi aytaversak ham bo’laveradi, menimcha.
- Oldingi yil konsert arafasida uyushtirgan suhbatimizda siz tushingizda ham konsert dasturingizni ko’rib chiqayotganingizni aytgandingiz. Qiziq, bu yil ham shunday tushlar ko’ryapsizmi?
Rayhon: Bu yil ham tushunarsiz tushlar ko’ryapman. Konsert dasturim yozgi saroyda bo’layotgan ekan, qarasam, sahnada Tohir Sodiqov kuylayapti.
Rosa
xafa bo’lib, nega bunday bo’layotganini so’rasam, bu hazil edi, deyishdi. Xullas, tushunarsiz tushlar meni ta’qib qilishda davom etmoqda.