Davron Ergashev

“Mario”, Ispan qizi va 500 dollar…
Davron Ergashev 1978 yili 14 fevral kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. Oilali, turmush o’rtog’i Anoraxon, qizalog’i Mohirabonu va o’g’ilchasi Ibrohim bilan shirin hayot kechirmoqda, Bahor faslini yoqtiradi. Sevimli ranglari – oq va qora. Aktyorlardan Al Pachino, aktrisalardan Demi Murning mahoratiga tan beradi. Sevimli o’zbek kino ijodkorlari tomonidan suratga olingan “Kelinlar qo’zg’aloni” fil’mini miriqib tomosha qiladi. Xonandalardan Jennifer Lopez, Snoop dog, Ibrohim Totlisas va Yulduz Usmonovalarni sevib tinglaydi. Sport turlaridan bouling bilan shug’ullanadi. Xobbisi – turli xil davlat pullarini yig’ish.

O’zbek shou-biznesi kun sayin o’sib borayapti. Yaqin-yaqinda o’zbek tinglovchisiga begona bo’lgan rep yo’nalishi ham ayni kunda o’z shinavandalariga ega. Kimdir san’atga aynan shu yo’nalishni tanlab kirib kelgan bo’lsa, boshqa birov o’z yo’nalishidan chekingan holda o’zini shu usulda sinab ko’rmoqda. O’zbek estradasida allaqachon o’z o’rniga ega bo’lgan xonanda Davron Ergashev ham shu yo’nalishda o’zini sinab ko’rdi. Nega? Shou olamida bundanda yuqori mavqeni egallash uchunmi? Kimnidir qoyil qoldirish uchunmi? Balki bahs boylashgandir? El og’ziga elak tutib bo’lmaydi. Xonandaning yangiligi esa el og’ziga tushdi.

- Davron aka, san’atga ilk qadam qo’ygan davringizni eslay olasizmi?
- Aslida men 10 yoshligimda, ya’ni, 1988 yili musiqa maktabiga o’qishga kirganman. San’at ostonasiga qadam qo’yishimga asosiy sababchi onam bo’lganlar, desam yanglishmayman. Chunki, men yoshligimda umuman san’atga qiziqmasdim. Menga furbol bo’lsa, bo’ldi edi. Futbol o’ynagani do’stlarim bilan stadionga borardik. Kunlardan bir kuni onam to’g’ri stadionga kelib, hech narsadan hech narsa yo’q, meni to’g’ri Glier nomli musiqa maktabiga imtixon topshirgani olib bordilar. Ochig’ini aytsam, nimadan imtixon topshirishimni ham bilmaganman va albatta imtixon topshira olmaganman. Bir yildan so’ng yana onamning xohish-istaklariga ko’ra, “Hamza” nomli musiqa bilim yurtiga kirish uchun imtixon topshirdim va bu safar a’lo baholar bilan imtixondan o’tdim. O’qishni bitirib ham oldim. 1994 yil Doniyor Toshmuhammedovga shogirdlikka tushdim. Bir-ikki yil Doniyor akadan saboq oldim, keyinroq Ulug’bek Otajonovga shogirdlikka tushdim. Bu ikki insondan ko’p narsalarni o’rgandim. Ulardan minnatdorman. 1999 yil yakkaxon ijodni boshlaganman. “Boz omadi” afg’on xalq qo’shig’i va o’zbek tilidagi “Yuqimtoy” qo’shiqlarim menga omad keltirdi.
- Zamonaviy o’zbek estradasiga munosabatingiz qanday?
- Bugungi o’zbek estradasi ancha rivojlangan, deb aytishim mumkin. Bir qo’shiqni yozib, tinglovchi hukmiga havola etilguncha bo’lgan davrning qanchalar mashaqqatli, murakkab ekanligini yaxshi bilaman. Shuning uchun barcha san’atkorlarning ijodiga hurmat bilan qarayman. San’atkor qanchadan-qancha zahmat chekishini, moddiy qiyinchiliklarga duch kelishini juda yaxshi bilaman. Raqobat o’ta kuchli bo’lgan zamonaviy shou-biznes olamida san’atkorning o’z reytingini saqlab qolishi anchagina qiyin holatga aylangan. Kecha san’at olamiga qadam qo’ygan xonanda, ertaga manaman degan mashhur yulduz bilan ham raqobatlashishi mumkin. Ammo saviyasi past “xonandachalar” ko’payib ketganligini ham tan olish kerak. Mayli, vaqt o’tgan sari, haqiqiy san’atkorlar yuzaga chiqadi, qolganlari esa o’z-o’zidan yo’q bo’lib ketadi.
- Bir qator xonandalarimiz kabi o’zingizni aktyor sifatida sinab ko’ribsiz. Qatordan qolmay, dedingizmi?
- “Taqdir charxpalagi” badiiy filmida ishtirok etishim, boshqa xnandalardan qolishmaslik uchun qilingan ish emas. Men hech qaysi san’atkorga taqlid qilmayman, hasad ham qilmayman. Shunchaki men ham o’zimni boshqa sohada sinab ko’rishga harakat qildim. Qolaversa, san’atkor serqirra ijodkor bo’lishi lozim. Nazarimda, birgina qo’shiq kuylash bilan chegaralanib qolish kerak emas.
- Film scenariysi sizga ma’qul bo’ldimi?
- Juda. Nafaqat bosh qahramon, qolaversa barcha obrazlar ham pishiq-puxta, mukammal tasvirlangan, boshqa filmlarga o’xshash taraflari yo’q. filmda sizga tanish bo’lgan Ra’no Yarasheva, Mahmud Ismoilov, Sayyora Yunusova, Muzaffarbek Mirzabekov, Botir Imomxo’jaev, Farhod Abdullaev, Tohir Saidov va Dilshod Kattabekovlardan tashqari bir qator yangi qiyofalarni ham ko’rishingiz mumkin. Filmning suratga olish jarayoni maroqli kechdi, butun ijodiy jamoa bir oiladek ishladik. Bu filmga qadar meni boshqa filmlarga ham taklif qilishgan edi. Biroq ularning yo scenariysi menga yoqmasdi yoki ular bosh rol bo’lmasdi. Film prodyuseri Nuriddin aka Orifjonov bilan xuddi aka-ukadek bo’lib ketganimiz uchun ham, ishlash jarayoni qiyin kechgani yo’q. “Taqdir charhpalagi”da aka-ukaning o’zaro munosabati tabiiy ifodalangan.
- Nima deb o’ylaysiz, sizni bu filmga qaysi iste’dodingiz ushun taklif qilishgan: xonandalikmi yoki aktyorlik?
- Xonanda sifatida taklif qilishdi. Bu mening ilk ishim bo’lganligi uchun aktyor safatida taklif qilishdi, deb ayta olmayman. Lof urishni ham istamayman. Ayni kunda ko’plab kinoijodkorlar o’z filmlarini mo’maygina pul isjlab olish uchun ishlayotganliklarini barcha yaxshi biladi. Shuni ishontirib aytishim mumkin-ki bu ijodkorlarning asosiy maqsadi pul emas.
- To’ybop qo’shiqlar kuylab yurgan xonandaning kutilmaganda rep yo’nalishida qo’shiq kuylashini qanday tushunish mumkin? “Zakonniy” qo’shig’ingiz qaysi ijodkorlar mahsuli?
- Yoshlar uchun ham ijod qilishni boshladim. Qolaversa, o’zim ham hali yoshman. Bu yo’nalishda, avvalgi yo’nalishimda kuylashimdan voz kechdim, degani emas. San’atkor o’zini har xil yo’nalishda sinab ko’rishi kerak. Agarda bir xil yo’nalishda kuylayversa ham, odamlarning joniga tegib ketishi mumkin. Muhlislar ham doim bizdan yangilik kutishadi.
Samandar bilan AQSHga birib kelganimni hamma biladi. AQSHda rep yo’nalishi juda ham rivojlangan. Men hech qachon rep shinavandasi bo’lmaganman. AQSHga borgach, bu yo’nalishga qiziqish paydo bo’ldi. O’sha yerda, mehmonxonada o’tirganimizda, Samandarga rep yo’nalishida qo’shiq kuylab ko’rsam qanday bo’larkin, deb savol berdim. U mening fikrimni ma’qulladi. Shu fikr menga turtki bo’lib, Toshkentga kelishim bilan Shahnoz va Ravil Gimazutdinovga taklif kiritdim. Ular ham meni qo’llab-quvvatlagan holda, ajoyib qo’shiq tayyorlab berishdi. Keyin unga klipmeyker Temur Qodirov (“Ice Tim”) klip suratga olib berdi.
- Bugungi kunda xit bo’lgan, ko’pchilikning eng sevimli qo’shig’iga aylanib ulgurgan “Mario” qo’shig’ingiz g’oyasi-chi, o’zingizga tegishlimi?
- Shahnoz va Ravil Gimazutdinovlarga shu yo’nalishda yana bir qo’shiq kuylamoqchiman, deb taklif qilganimda, qo’shiq nomi ham, uning qanday bo’lishi kerakligi ham tasavvurimda yo’q edi. Qo’shiq musiqasi tayyor bo’lgach, Shahnoz unga she’r yozib, menga ko’rsatdi va mutloq noan’anaviy yozilgan she’r menga juda yoqdi. “Mario” g’oyasi Shahnozga tegishli.
- Aytolmaysizmi, mana shu klipga qancha mablag’ sarflandi?
- Aniq qancha mablag’ sarflanganligini aytmayman. Ammo yaxshigina pul ketdi.
- Ko’cha-kuyda sizni “Mario” deb chaqirishlariga ko’nikib qolgandirsiz?
- Darhaqiqat, ko’cha-kuyda meni yangi nom bilan, ya’ni “Mario” deb atay boshlashdi. Aslida klipdagi Mario obrazi boshqa insonga tegishli. Shunday bo’lsa-da ko’pchilik aynan meni “Mario” deb chaqirishyapti. Shunisiga ham shukur.
- Yaqinlaringiz, oila-a’zolaringiz, ayniqsa farzandlaringizning oxirgi kliplaringizga munosabatlari qanday bo’ldi?
- Muhlislarim kabi yaqinlarim ham bu qo’shiqlarimni juda yaxshi qabul qilishdi. Oilamdagilar “Baraka top” deyishyapti. “Ey bo’lmaydi, bu yo’nalishingni yig’ishtir” degan gaplar bo’lmadi. Aksincha, “zo’r chiqdi” deyishdi. Farzandlarimga ham juda yoqdi. O’g’lim har kuni “Mario”ni qo’yib bering, deb o’z holimga qo’ymaydi.
- Mana shu yo’nalishda yana yangi qo’shiqlar kuylash niyatingiz bormi?
- Ha, shunga o’xshash yana bir qo’shiq tayyorlayapmiz. Ravil Gizamutdiniv musiqasi, Shahnoz she’ri bilan. Yo’nalish shu kabi, biroq rep emas. Qo’shiqning nomi esa hozircha sir.
- Yana bir gap: shu ikki qo’shiq musiqasi o’g’irlangan, degan tahminlarni bildirishmoqda. . .
- “Zakonniy” ham, “Mario” ham o’g’irlanmagan. Agarda kimda-kim shu qo’shiqlarning asl nushasini topib menga keltirsa, 500 dollar beraman.
- Yakkaxon konsert dasturingizni kutayotgan muhlislaringizga nima deysiz?
- Konsertlar juda ham ko’p hozirgi kunda. Konsert berish uchun san’atkor o’z ijodidan qoniqishi kerak. Qolaversa, o’sha ijod qilayotgan san’atkor muxlislar tomonidan aks-sadoni, ya’ni ularning qo’llab-quvvatlashlarini his qilishi kerak. Men hozir shu narsani his qilayotgandekman. Xudoga shukur, muxlislarimning menga bo’lgan mehrini sezyapman. Imkon qadar men muhlislarimdan kelayotgan maktublar bilan yaqindan tanishishga harakat qilaman. Afsus, ularga javob hati yoza olmayman. Agarda muhlislarim mana shunday qo’llab-quvvatlashni to’xtatmasalar, albatta yakkaxon konsertimni ham taqdim etaman.
- Tez kunlarda . . .
- . . . “Muhabbat” nomli yangi albomim sotuvga chiqadi. Bu albomdan 14 ta qo’shiq o’rin oladi. Ulardan yangilari 10 tani tashkil etadi. Hozircha shu.

“Mario” klipmeykeri Temur Qodirov (“Ice Tim”) klp haqida shunday deydi:
- Qo’shiqni eshitib ko’rib unga mos keladigan voqeani o’ylashga tushdim. G’oya bo’yicha voqea kichik bir ispan shaharchasida sordir bo’ladi, ya’ni chiroyli ispan qizi bor. Uni barcha yigitlar yoqtirishadi. Ispan shaharchasiga kelib qolgan Davron bu sohibjamol qizni yoqtirib qoladi. Ularning ikkisi to’qnashuvi golf klubida sodir bo’ladi va Davron o’z his tuyg’ularini oshkor etishga qaror qiladi. Ammo qiz Davronni mensimay tashlab ketadi. Voqealar rivoji sizga ma’lum. Klipni Toshkentdagi yagona golf klubida, shinamgina qahvahonada va Humson tog’larida sur’atga tushurganmiz. Ko’pchilikni klipda sur’atga tushgan “Ispan qizi” qiziqtirishi tabiiy. Ma’lumot o’rnida uning ismi Kamila ekanligini aytishim mumkin, xolos.
- Temur aka, siz juda ko’p san’atkorlar bilan ishlagansiz. Aytingchi Davron Ergashev bilan ishlash qiyin emasmi?
- Yo’q, umuman qiyin emas. Davronni o’ziga yarasha aktyorlik mahorati bor. Ayniqsa, “Taqdir charhpalagi” badiiy filmida suratga tushgach malakasi yanada oshdi. Davronning insoniy hususiyatlarini judayam qadrlayman.

Mirtohir Mirg’ulomov suhbatlashdi.

Mazkur intervyudan foydalanilgan holda sayt manzilini va suhbatdosh ismi-sharifini ko’rsatishni unutmang!

Bosh sahifa

Fotosuratlar

Intervyu

Tarona yangiliklari

“Yulduzlar reytingi”

Sevimli internet manzillar

Qisqa savollarga, lo'nda javoblar

Kim qachon tavallud topgan?

Qo'shiqlar matni

Nega rus tilida so'zlashasiz?

Yulduzlar reytingi natijalari

Yulduzlar galaktikasi

FM-To'lqinlarida

Yulduzlar

Yulduzlar "e-mail"lari

Tahallus ostidagi yulduzlar

SUPER HIT-PARAD

HIT-PARAD+

Star news



ХоÑтинг от uCoz