DILFUZA ISMOILOVA BILAN INTERVYU

—Dilfuza opa, mana xonandalik ham aktrisalik sohasida faoliyat yurityapsiz, biroq qay biriga ko’proq urg’u berasiz?
—San’atkor u o’zini san’atning har bir qirrasida nomoyon qila olishi kerak, men oliygohni tugatganman, musiqa bobida ham to’rt yil o’qib, o’rganib tahsil olganman, hamda vokaldan to’rt yil davomida ta’lim olganman. Shu savolni ko’p berishadi, nima uchun Samandar Hamroqulov, Tohir Sodiqov ham qo’shiq kuylaydi, ham kinoda suratga tushadi, ularga bu haqida kam gapirishadi, ularniki ko’zga ko’rinmaydi, menga esa ko’p gapirishadi bu haqida. San’atkor ahli yillar davomida o’zining iste’dodini, mahoratini turli xil sohalarda ko’rsatib boraveradi, hali san’atda qiladigan ishlarim, ochilmagan qirralarim ko’p, Xudo xohlasa yakkaxon konsertimda yana raqs sirlarimdan ham muxlislarim boxabar bo’lishadi.
—Aktrisalikdan, shou-biznesdan tashqari shaxsiy biznesim ham bor degan edingiz, uni yuritishga qanday vaqt topyapsiz?
—Masalan kimnidir homiylari bor, ana o’shalar ularning san’atini qo’llaydi, men hammasiga o’zimning kuchim, halol mehnatim bilan, ijodimga birovning bir so’m pulini aralashtirmay erishganim uchun buni baxt deb hisoblayman. Nega deganda emoqning qusmog’i bor, degan ibora bor. Masalan, menga birovning bir so’mi hech qachon yuqmaydi, deb hisoblayman. Otam rahmatli aytganlar, “Qizim, belingdan u yog’iga qech qachon orqa qilmagin, o’zingga ishon” deganlar. Shuning uchun birovning hisobi o’ziniki, meniki boshqa. Oilada yettita qiz, bir o’g’il bo’lib o’sganmiz. Bizni boriga shukr qilib, qanoat qilib yashashga o’rgatishgan, ko’zimizni to’q qilib o’stirishgan. Mana konsert qo’yganimda ham birov menga bir so’m berib, homiylik qilgani yo’q, hammasini bir o’zim qildim, baxtimga barcha muhlislarim konsertimga o’zlari sevib, istab tashrif buyurdilar, birovlarga o’xshab chiptani biror tashkilotlarga o’tkazganim yo’q, bu haqiqiy san’atkorning ishi emas. Xatto onamga chipta olib qo’yish esimdan chiqqan ekan, zo’rg’a qo’ldan topib, sotib oldim. Yakkaxon konsertimni berayotganimda ham konsertimga o’n besh kun qolganda yetti kungina reklama qildim, Xudoga shukur, konsertim anshlag o’tldi, chiptalar yetmay qoldi xatto. Konsertim tugagach muqlislarim yigirma besh daqiqa o’rinlaridan turib to’xtamay gulduros qarsak chaldilar.
—Nima uchun TVda qo’shiqlaringizga olingan kliplarni aylantirmayapsiz?
—Mana hozir bir emas, uch-to’rtta qo’shig’imga klip ishladik. Lekin, bilasizmi meni ajoyib fe’lim bor, xalqning menga bo’lgan sevgisini sinab ko’rmoqchiman, qani ekranlarda ko’rinmasam ham muxlislarim meni unutmasmikan, deb hozir bir nechta qo’shiqlarim ham tayyor bo’ldi. Ularni hali radioga ham aylantirgani bermadim, konsertimgacha ham ularni aylantirishga bermayman, muxlislarimni sinab ko’ryapman, qani ko’rinmay tursam qam konsertimga tashrif buyuradilarmi yo’qmi?
—Xademay, Xudo xohlasa, muborak Ramazon oyi tashrif buyuradi, o’tgan yili ustozingiz bilan Umraga ziyoratga borib kelgan edingiz, bu safarga qanday rejalar qilyapsiz?
—Alhamdulilloh har yili Umrani ziyorat qilib kelaman, bu yili ham albatta borib kelamiz. Har yili o’ttiz kun ro’za tutishni ham farz, qam qarz hisoblayman, Laylatul Qadr kechasida Umraga borib, duolar o’qib, kelamiz. Bu bilasizmi iymonni poklash, ruhiy tozalanish demakdir. Beayb parvardigor deydilar, hammamiz ham bilib bilmay gunoh qilamiz, mundoq olib qarasak har bir qadamimiz gunoh, shuning uchun u dunyoga ham bir narsa bilan borishimiz kerak, masalan to’y-hashamga borsangiz ham tugunsiz bormaysizku, shuning uchun u yerga ham o’zimiz bilan qilgan savoblarimizni olib borishimiz kerak.
—Juda yoshligingizdanoq qur’oni karimni tushurgan ekansiz?
—Ha, albatta. Yoshligimdanoq arab tilini o’qiganman, o’n to’rt yoshimda muqaddas sanalmish Qur’oni Karimni, o’ttiz porani o’qib, Qori qiz degan nom olganman. Rahmatli ustozimning joylari jannatda bo’lsin Ikrom Qorida tahsil olganman. Mana hozir ingliz tilini o’rganyapman.
—Qanday zarurat yuzasidan?
—O’zim uchun, til o’rganayotganimning boisi nafaqat gastrol safarlariga balki davlat ishlari bilan biror yurtga chiqqanda mening o’rnimga birov javob bersa uyat bo’lsa kerak, o’zim shu tilda erkin so’zlasha olishim uchun ham o’rganyapman.
—Respublika Vazirlar mahkamasining xotin-qizlar qo’mitasining madaniyat ishlari bo’yicha bosh mutaxassisi bo’lib tayinlangansiz, bu borada qanday ishlarni amalga oshirdingiz?
—Bu borada juda katta ishlarni amalga oshirdik, ya’ni olti oy ichida hazilakam ishlar qilmadik, ustozimiz Svetlana Tursunxadjaeva boshchiligida Jizzax, Guliston, Samarqand va boshqa shahar hamda viloyatlarda, shahrimiz tumanlarida ikki mahallab konsert dasturlarimizni taqdim etib keldik. Xatto ayollar qamoqxonalarigacha tashrif buyurdik. Mana yaqinda yana konsertimiz boshlanmoqda. Bundan tashqari xotin-qizlar qo’mitasi nomidan Navro’z ayyomida butun Toshkentdagi tumanlarda kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam berdik, xatto uylariga borib sovg’a-salomlar topshirib keldik, bolalar kunida Golf-klubda judayam katta konsert uyushtirdik, konsertga barcha san’atkorlarimizni ham jalb qildik.
—“Gap yo’q” ko’rsatuvi nima bo’ldi, uning navbatdagi soni qachon efir yuzini ko’radi, eshitishimizcha moddiy tomonini o’zingiz ko’tarayotgan ekansiz?
—“Gap yo’q” ko’rsatuvimizning suratga olish ishlarini boshladik, rahmatli rejissyorimiz To’xtamurod Mahkamovning o’rinlari juda sezilyapti. Endi ko’rsatuvga o’zimiz rejissyorlik qilyapmiz. Aslida uni kino tarzida ishlamoqchi edik, orada konsertim turgani uchun ko’rsatuv talqinida ketadi, nasib qilsa birinchi soni Ro’za oyidan boshlab efirga chiqadi, shu bilan har oyda ikki marotaba efirga uzatilishi rejalashtirilmoqda.
—Muxtasham “Xalqlar do’stligi” saroyida besh kun davomida konsert qo’ymoqchi edingiz. Mo’ljal esa kuz oylariga edi. Mana o’lkamizga kuz fasli ham tashrif buyurib bo’ldi…
—O’tgan yakkaxon konsertimni ham, “Dilfuz-shou”ni ham ustozim Yulduz Usmonovaning tug’ilgan kunlariga bag’ishlab qilar edim. Bu safar konsertimni besh kun davomida kech kuzga yoki qishlarga bermoqchiman, chunki qish faslini yaxshi ko’raman. Undan ikki kuni hayriya tariqasida o’tadi. Kelib tushgan pulni bolalar yoki qariyalar uyiga o’tkazmoqchiman. Ularni ham konsertimga taklif qilmoqchiman. Ko’ngillarini olib, xushnud qilsak xursand bo’ladilar, pul nima keladigan ketadigan narsa.
—Konsertingizga kim rejissorlik qilyapti?
—O’zim!
—Murod Rajabov rejissorligida olingan “Ulfatlar” kinofilmida kulgu ustasi Mirzabek Holmedovning rafiqasi rolini ijro etdingiz…
—Bir marotaba ham dubl qilmay, bittada ijro etib, ikki-uch kunlik olinadigan suratga olish ishlarini to’rt soatda ijro etib chiqib ketdim. Xudo xohlasa oktyab oylarida premerasi bo’ladi. Filmni ana o’shanda ko’rib muxlislarimizning o’zlari baxo berishar, o’ylaymanki ijro etgan rolim tomoshabin yuzida ozgina bo’lsa ham tabassum uyg’ota oladi. Bundan tashqari hozir yana bir kinoda bosh rollardan birini, ya’ni firma mudirasi obrazini yaratmoqdaman. Kinofilm rejissyori “Charxpalak” vidiofilmida Maryam obrazini yaratgan Ilmira Rahimjonova, film prodyuseri ham o’zi. Suratga olish ishlari o’n beshinchi sentyabrdan boshlanmoqda.
—Baxtli ayolman, deya olasizmi?
—Onam hayotlar – bu men uchun katta baxt, yetti qiz, bir o’g’il tuqqanlar, opa-singillarim, akam sog’-salomat, to’rt farzandning onasiman, el sevib kelayotgan san’atkor bo’lib kelyapman, luqmam halol bundan ortiq baxt bormi dunyoda. Uyda ham otaman, ham onaman, qo’limdan kelgancha ularga sof o’zbekona tarbiya bermoqdaman, manmanlik, kibrlanish, degan illatlardan holi o’sishyapti. Katta qizim Nozimaxon o’n to’qqiz yoshda opamlarning farzandlari yoshligidan o’zimga qiz qilib olganman, bundan tashqari uchta o’zimning farzandlarim bor, Sardorjon o’n olti yoshda, Sarvar o’n uchda va kenjam Sevara o’n ikki yoshda.
—Bugungi kun yoshlariga munosabatingiz?
—Ko’pincha radiolarda eshitib qolaman yoshlar unaqa, yoshlar bunaqa, deb tanqid qilishaverishadi, yoshlarni tinch qo’yishsachi. Bir xil san’atkorlardan xafa bo’lib ketaman, nuqul qarasa yoshlarni tanqid qilishadi o’tdan o’g’irlayapti, bo’tdan ko’chiryapti deb, o’zlarichi? O’zlari qaerdan o’g’irlayotgan ekanlar. Bir intervyuda menga shunday savol berishdi: mana hozir yosh san’aktorlar ko’payib ketgan ularning soni o’ttiz ikki mingtaga yetdi deydi, mayli ilohim o’ttiz ikki million bo’lsin dedim. O’sha yosh boshi bilan o’zini o’qqa-cho’qqa urib mustaqil yashashga, jamiyatda o’z o’rnini topishga urinyapti, harakat qilyapti, ko’chada kayf-safo qilib, Xudo ko’rsatmasin narkotik modda iste’mol qilib yurmayaptiku. Yoshlarga hadeb dakki beravergandan ko’ra ularning qilayotgan ishlarini qo’llab-quvvatlab, to’g’ri yo’l ko’rsatish kerak. Mana o’g’limga yangi kompyuter olib berdim, nima qilsa qiladi, ichini kavlaydimi, kerak bo’lsa yorib yubormaydimi, qaytanga hozir o’n to’rt yoshli o’g’limni uyimiz yonidagi internet kafelardan katta-katta yigitlar qidirib kelishadi, kompyuterimiz buzilib qoldi, biror yeriga tushunmayapmiz, ko’rsatib bergin deb. Mana menga rangli vizitniy kartochkalar qilib bergan, necha marotaba qo’limga pul olib keldi ro’zg’orga ishlating deb. Yoshlarda biror nimaga nisbatan qiziqish uyg’ondimi uni aslo qaytarmaslik, so’ndirmaslik kerak. O’zimdan bitta misol yoshligimda ota-onam qaygadir yumush bilan ketishgan edi, kelishligiga ovqat qilib qo’yay xursand bo’lishar degan umidda xonim qilganman, yosh bola emasmanmi o’xshamay qolgan, adamlar yaxshi chiqibdi deb mahtaganlar, onamlar esa yog’ni ko’p solib yuboribsan deb gapirganlari meni kelajakda osh-ovqatga umuman aralashmay qo’yishimga sababchi bo’lgan. Shu-shu umuman biror nima pishirishga xafsalam yo’q, hanuzgacha osh-ovqatga aralashmayman. Mana ko’ryapsizmi yoshlar uchun har bir tanqidning qay darajada ta’sir qilishini.
—Ko’ryapsiz demokratik jamiyatda yashayapmiz, ayollarimizning qam siyosiy ongi shakillanib, katta mavqelarga erishmoqdalar, ammo hali hamon ba’zi bir erkaklarimiz ayollarini uyda olib o’tirishni ma’qul ko’rmoqdalar, xotin-qizlar qo’mitasining bosh mutaxassisi sifatida shunday toifadagi erkaklarga qanday maslahat bergan bo’lardingiz?
—Ayollarimizning Davlat arbobi sifatida, siyosatshunos bo’lib, kursida o’tirib biror tashkilotni, firmani yuritayotganligi, tadbirkorlik sohasida ham ish olib borayotganligi bu katta baxt. Ilgari ayollarimiz qachon kafe-restoranlarga borib ko’nglini yozardi. Mana bizning o’zbek ayollarimiz ham jamiyatda o’z o’rnini topyapti bu bir baxt. Biroq, ayolining o’zidan ko’p pul topayotganiga g’ashi kelibmi, bilmadim rashk qilganidanmi, yuritayotgan ishiga qarshilik bildirayotgan erkaklarga maslaqatim o’sha ayol ham farzandlarining bekamu ko’st bo’lishi uchun qilmoqda bu ishlarni, agar o’zi eplab oilasini boqa olmayotgan bo’lsa menimcha qarshilik qilmagani ma’qul.
—Xiyonatga ko’p marotaba duch kelgansiz, bundan qanday xulosa chiqardingiz?
—Ko’zim kech emas, erta ochilganidan Alloxga ming marotaba rahmat aytaman. Biroq, yaqiningizda turgan insonlaringiz ko’zingizni o’ysa yomon bo’larkan.
—San’atingizni qo’llab, ishonchingizni oqlaganlar ham bo’ldimi?
—Ustozim Yulduz Usmonova. Ularga atab yozgan “Ustoz” qo’shig’imni maqtaganlar, yaxshi chiqibdi, deb, aytganlar. Undan keyin iste’dodli yosh xonanda Gulsanam Mamazoitovadan juda minnatdor bo’ldim, yosh ijodkor, agar iste’dodi zo’r bo’lsa yoshmi kattami boshimni egaman, to’g’rirog’i tan beraman. Shu qiz qo’shiqlarimni yozayotganimda ham men bilan yonma-yon turib, qo’llab turdi.
—O’g’lingiz Sardorjon qam san’atga qiziqayotgan ekan?
—Ha, baribir qonida bor bo’lsa tortar ekan, onasi ham san’atkor, otasi ham, qaynonam, qaynotamgilar ham san’atkor bo’lishgan. Shuning uchun hozir Arabistondan cholg’u asboblari, instrumentlar olib keltiryapman. Mana hozirdan qo’liga mikrafonni olib xirgoyi qilib turadi, ovozi juda chiroyli, chet tillarida ham talaffuzi yaxshi. Umuman hamma farzandlarim san’atga qiziqadi, faqat bitta o’g’lim Sarvarjon texnikaga kompyuterga juda qattiq qiziqmoqda, miyasi juda rivojlanib ketyapti. Chunki uni tok urib bitta o’limdan qolgan edida. Tavba, deymanu shu o’g’limdan energiya, quvvat olaman, mazam bo’lmasa ham quchoqlab o’tirsam bir zumda dardim ariydi, tuzalib qolaman. Bundan uch yil oldin ko’cha stalbasiga chiqqanida juda katta voltda orqa bo’yni tamonidan tok urib yuborgan, bolamning yuragi to’xtab, uni o’ldi deyishgan, bir o’lib qayta tirilgan. Men o’shanda safarda bo’lgan edim, turmush o’rtog’im o’zini o’ylaydigan noshud inson edi, meni aldab xiyonat qilmayapman, chapga yurmayapman deb qasam ichgan, yolg’on gapirayotgan bo’lsam bolamni o’ligi ustida o’tiray deb qasam ichgan, shu xarom yurgani kasofati bolamga urgan, o’shandan keyin seni bir kun ham er qilsam yashamay, deb qasam ichib, shu mudhish voqea tufayli ajrashib ketganman. Yo’ldaman, Xudoni qudratini qarang qo’limdagi qalin brasletim uzilib ketdi, yuragim yomon bo’la boshladi. Xabar berishgach qay ahvolda yetib keldim, bilmayman, bunaqa voqeani hech bir onaga ravo ko’rmayman kelsam o’g’lim qop-qora ko’mirga o’xshab qorayib ketgan, o’ldi deb aytishdi, yoniga borib quchoqlab Xudoga nola qilib yig’laganimni bilaman, ko’z yoshim yuziga tushdi hamki “opa” deb ko’zini ochsa bo’ladimi, shifokorlarning o’zi hayratdan qotib qoldi. Shifokorlarga nisbatan ham ishonchim qolmagan, maqsadlari davolash emas, pul ishlash ekan. O’g’lingizni qo’lini, orqa bo’yni tomonini operatsiya qilish kerak, bo’lmasa shishib ketadi, deb vahima qilishgan, mendan pul undirish niyatida. Tibbiyot yo’lida aldab pul ishlash, insofsizlikka kiradi. Mana Xudoga shukur hozir tuppa tuzuk bo’lib ketgan, na qo’lida, na bo’ynida asorat qolgan. Shuning uchun erkaklarga maslahatim hech qachon farzandlarini o’rtaga qo’yib qasam ichmasinlar.

Dilorom Abdullaeva suhbatlashdi

Bosh sahifa

Fotosuratlar

Intervyu

Tarona yangiliklari

“Yulduzlar reytingi”

Sevimli internet manzillar

Qisqa savollarga, lo'nda javoblar

Kim qachon tavallud topgan?

Qo'shiqlar matni

Nega rus tilida so'zlashasiz?

Yulduzlar reytingi natijalari

Yulduzlar galaktikasi

FM-To'lqinlarida

Yulduzlar

Yulduzlar "e-mail"lari

Tahallus ostidagi yulduzlar

SUPER HIT-PARAD

HIT-PARAD+

Star news

Umidli yulduzlar



ХоÑтинг от uCoz